19 yoshli o‘zbekistonlik yigit imtihonlarga tayyorlanish platformasini yaratdi va 380 ming dollar investitsiya jalb qildi
Асилбек Ашуров, кофаундер Makon AI
Asilbek Ashurov 16 yoshida SAT imtihoniga tayyorlash biznesini yo‘lga qo‘ygan. Hozir u 19 yoshda va hamkorlari bilan birgalikda Makon AI SI-startapini rivojlantiryapti. Platforma har bir o‘quvchi uchun individual ta’lim rejasini tuzadi, uning o‘zlashtirish jarayonini kuzatib boradi va mustaqil tayyorlanishiga yordam beradi. Hozirda platformada 50 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, kompaniya esa 380 ming dollar investitsiya jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan.
Digital Business va Astana Hub’ning “Markaziy Yevroosiyoning 100 ta startap tarixi” qo‘shma loyihasi uchun Asilbek mahsulotni maktab o‘quvchilari orasida qanday ommalashtirgani, nima sababdan Chikago universitetida o‘qishini vaqtincha to‘xtatishga qaror qilgani va nega mahsulotni, avvalo, AQSh bozori uchun yaratishni maqsad qilgani haqida so‘zlab berdi.
“Ishga tushganidan bir necha hafta o‘tiboq oylik daromadimiz 5 ming dollarga yetdi”
— O‘zingiz haqingizda qisqacha so‘zlab bersangiz. Qayerda ulg‘aygansiz va startap yaratishdan oldin nimalar bilan shug‘ullangansiz?
— Toshkentdan qariyb 120 km uzoqlikda joylashgan Guliston shahrida ulg‘ayganman. Keyinchalik mamlakatimizdagi eng kuchli maktablardan biri hisoblangan Prezident maktabida tahsil oldim.
Maktabda yaxshi o‘qirdim, sinfimizning eng yaxshi o‘quvchilaridan biri edim. Sinfdoshlarimning ko‘pchiligi singari men ham SAT imtihoniga tayyorlanardim. Bu xalqaro standartlashtirilgan imtihon bo‘lib, uning natijalari AQSh universitetlariga o‘qishga kirishda hisobga olinadi.

O‘sha paytda SAT imtihoni raqamli formatga o‘tganiga hali ko‘p bo‘lmagandi. Kamoliddin Yaxshiliqov bilan bu o‘zgarishda yaxshi imkoniyat borligini ko‘rdik. Imtihonga tayyorlov xizmatlariga talab ortib borayotgan, ammo sifatli o‘quv materiallari va tushunarli tavsiyalar yetishmayotgan edi. Shu sababli 2024-yil yozida xalqaro imtihonlarga tayyorlov kurslari — SAT Makon’ni ishga tushirdik.
— Ilk o‘quvchilarni qanday jalb qilgansiz?
— Dastlabki o‘quvchilarni topishda Telegram asosiy rol o‘ynadi. O‘zim ham maktab o‘quvchilari muloqot qiladigan turli guruh va kanallarda faol qatnashardim. O‘zimizning guruhlarimiz ham bor edi, shu sababli dastlabki foydalanuvchilarni tezda to‘play oldik.
Jamoamiz yosh bo‘lgani ham qo‘l keldi: qarorlarni dadil qabul qilardik va o‘zgarishlarga tez moslasha olardik. Shunchaki yaxshi imkoniyatni ko‘rdik va undan foydalandik. Bozorga ayni qulay paytda chiqdik. Ishga tushganimizdan bir necha hafta o‘tiboq oylik tushumimiz 5 ming dollarga yetdi. Oradan bir yil o‘tgach, bozorda 3-4 yildan beri faoliyat yuritayotgan kompaniyalar bilan raqobatlasha boshladik. Hozir SAT Makon’da 24 mamlakatdan minglab o‘quvchi tahsil olmoqda.

— Biznesni hali maktabda o‘qib yurganingizda boshlagansiz. Keyin o‘qishingizni qanday davom ettirdingiz?
— Chikago universitetiga o‘qishga kirdim va birinchi kursni tamomladim. Ammo shu kuzdan boshlab kamida bir yilga akademik ta’til oldim. Bu vaqtga kelib, AQShda yangi loyihamiz – Makon AI startapini ishga tushirgan edik. Shuning uchun bor e’tiborimni uni rivojlantirishga qaratishga qaror qildim. Kompaniyadagi asosiy jarayonlar yo‘lga qo‘yilganiga ishonch hosil qilganimdan keyin o‘qishni davom ettirmoqchiman.
Ta’lim yo‘nalishidagi biznesimiz – SAT Makon esa yollagan jamoamiz bilan faoliyatini davom ettiryapti. Biz esa hammuassislar sifatida, asosan, Makon AI’ga e’tibor qaratmoqdamiz, chunki bu loyihada o‘sish imkoniyatlari ancha keng deb hisoblaymiz.
“Agar hech narsani o‘zgartirmaganimizda, vaqt o‘tishi bilan minglab o‘qituvchilarni ishga olishimizga to‘g‘ri kelardi”
— SAT Makon muvaffaqiyatli ishlayotgan bo‘lsa, nega yangi loyihani boshlashga qaror qildingiz? Avvalgi biznes modelida nima yetishmasdi?
— Bir payt kelib, avvalgi modelimizni global miqyosda kengaytirish qiyinligini angladik. Agar hech narsani o‘zgartirmaganimizda, vaqt o‘tishi bilan yuzlab, balki minglab o‘qituvchilarni ishga olishimizga to‘g‘ri kelardi. Jamoa qanchalik kengaysa, o‘qituvchilarni tanlash va ishga moslashtirish, darslar sifati hamda o‘quvchilarga beriladigan fikr-mulohazalar sifatini bir xil darajada saqlash shunchalik qiyinlashardi.

Makon AI hammuassislari
SI texnologiyalari jadal rivojlanayotgan bir paytda bu muammoni texnologiyalar yordamida hal qilish mumkinligini ko‘rdik. Shu tariqa o‘quvchilarga mustaqil tayyorlanishda yordam beradigan, ularning o‘zlashtirish jarayonini tahlil qiladigan va o‘quv rejasini har bir foydalanuvchiga moslashtiradigan alohida SI mahsulotini yaratish g‘oyasi paydo bo‘ldi.
Makon AI’ni 2025-yil oktabr oyi oxiri – noyabr oyi boshida ishga tushirdik.
Shu bilan birga, SAT Makon alohida biznes sifatida faoliyatini davom ettiryapti: o‘quv markazlarimiz ham, onlayn ta’lim yo‘nalishimiz ham bor. Shu sababli Makon AI’ning ishga tushirilishi odatiy ma’nodagi biznes modelini o‘zgartirish emas, balki ta’lim sohasidagi tajribamiz asosida yuzaga kelgan alohida loyiha edi.
— Platforma qanday ishlaydi?
— Hozirda platforma AQShda maktab bitiruvchilari uchun mo‘ljallangan SAT va ACT imtihonlariga tayyorlanishga yordam beradi. Avval foydalanuvchi taxminan 15 ta savoldan iborat boshlang‘ich so‘rovdan o‘tadi. Unda o‘quvchining hozirgi bilim darajasi, o‘quv maqsadlari, darslarning qaysi shakli unga ma’qul ekani, mashg‘ulotlarga qancha vaqt ajrata olishi va boshqa jihatlar aniqlanadi.

Javoblar asosida tizim har bir foydalanuvchi uchun alohida o‘quv rejasini tuzib, topshiriqlarni u tanlagan kunlarga taqsimlaydi. Har bir o‘quvchining o‘z natijalarini kuzatib borishi uchun shaxsiy tahlil paneli mavjud. Bundan tashqari, o‘quvchi alohida bo‘limda yo‘l qo‘ygan xatolari ustida ishlashi, SI o‘qituvchisidan maslahat va tushuntirishlar olishi mumkin.
— SI o‘qituvchisi nimalarga qodir?
— U SAT savollariga bag‘ishlangan video tahlillar va tushuntirishlar yaratadi. Shuningdek, topshiriqlarni bajarish jarayonida ham o‘quvchiga yordam beradi: tizim platformadagi har bir savolning mazmuni va kontekstini biladi, shu bois zarur paytda darhol maslahat yoki tushuntirish bera oladi.
— Makon AI’ning ichki ishlash mexanizmi qanday? Qanday modellardan foydalanasiz: tayyor yechimlardami yoki o‘z modellaringizni yaratgansizmi?
— Tayyor modellardan API orqali foydalanamiz, ularning ustiga esa o‘z tizimimizni qurganmiz.
Bizning asosiy ishlanmamiz – har bir o‘quvchiga moslashadigan tizim. O‘quvchining bilim darajasi, maqsadlari, dars jadvali, natijalari va yo‘l qo‘ygan xatolari haqidagi ma’lumotlarni yig‘amiz. Algoritm shu ma’lumotlar asosida individual o‘quv rejasini tuzadi va tayyorgarlik jarayonida o‘quvchining natijalariga qarab uni muntazam yangilab boradi. Masalan, o‘quvchi muayyan turdagi topshiriqlarda qayta-qayta xatoga yo‘l qo‘ysa, algoritm shu mavzuga ko‘proq e’tibor qaratishi mumkin.
“O‘quvchilar 3 oyda SAT natijasini o‘rtacha 150 ballga yaxshilaydi”
— SI noto‘g‘ri javob yoki tushuntirish berishi xavfini qanday kamaytirasiz?
— Tizimni ko‘p marotaba sinovdan o‘tkazdik va uning aniqligi juda yuqori ekanini ko‘rdik. Shu bois noto‘g‘ri javob yoki tushuntirish berish ehtimoli ancha past.

— Ma’lumotlar bazangizda qariyb 5 mingta savol bor ekan. Ularni qayerdan olasiz?
— Manbalar turlicha, savollarning bir qismi imtihonlarni tashkil etuvchi va o‘z materiallaridan foydalanishga ruxsat beruvchi tashkilotlar e’lon qilgan rasmiy topshiriqlardan iborat. Qolganlarini esa jamoamizning o‘zi tayyorlaydi.
— Makon AI qanchalik samarali? O‘quvchilar qanday natijalarga erishyapti?
— Ma’lumotlarimizga ko‘ra, o‘quvchilar 3 oy ichida SAT natijasini o‘rtacha 150 ballga yaxshilaydi. Buni tayyorgarlik boshlanishidan oldingi va undan keyingi natijalarni taqqoslash orqali aniqladik.
— O‘quvchilaringiz qaysi mamlakatlardan? Jami ularning soni nechta?
— Asosan, AQShdagi yuqori sinf o‘quvchilari. Platformada jami 50 mingdan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, ulardan qariyb 500 nafari pulli obunadan foydalanadi.
— Nega Makon AI uchun asosiy bozor sifatida AQShni tanladingiz?
— Dastlabki mahsulotimizni SAT va ACT imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun yaratganmiz. Shu bois AQSh biz uchun eng tabiiy tanlov edi. Bu imtihonlarni topshiradigan o‘quvchilarning asosiy qismi aynan shu mamlakatda, qolaversa, u yerda potensial foydalanuvchilar soni ham ancha ko‘p. Shuning uchun boshidanoq mahsulotni, birinchi navbatda, amerikalik maktab o‘quvchilari ehtiyojlariga moslab yaratishga harakat qildik.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bilan aloqalarimizni ham uzganimiz yo‘q. Masalan, 2026-yil 30-iyun kuni – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan yoshlar loyihalari ko‘rgazmasida Makon AI’ni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga taqdim etdim.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati
“Dastlabki 2 oy ichida oylik takrorlanuvchi daromadimiz 12 ming dollarga yaqinlashdi”
— Jamoangiz boshida kimlardan iborat edi va hozir siz bilan nechta mutaxassis ishlaydi?
— Birinchi biznesimizni boshlaganimizda, mening bitta hamkorim bor edi – Kamoliddin Yaxshiliqov. O‘sha paytga kelib, u SAT imtihoniga tayyorlash sohasida 4 yildan ortiq tajriba orttirgan, jumladan, o‘qituvchilik ham qilgan edi. Jamoamizda bozorni va o‘quvchilarning ehtiyojlarini yaxshi tushunadigan inson borligi biz uchun muhim edi.
IT-startapni rivojlantirishga kirishganimizda esa kuchli texnik bilim va tajribaga ehtiyoj tug‘ildi. Shu tariqa Asadbek Noibjonov jamoamizga Makon AI’ning hammuassisi va texnik direktori (CTO) sifatida qo‘shildi.
Jamoamiz kichik, shuning uchun asosiy ishlarni uchalamiz bajaramiz: mahsulotni rivojlantirish, marketing va kundalik operatsion vazifalar bilan o‘zimiz shug‘ullanamiz. Startap ustida to‘liq vaqt ishlaymiz, kuniga odatdagi 8 soatdan ham ko‘proq mehnat qilamiz. Ayrim loyihalar uchun esa bir necha oyga tashqi mutaxassislarni jalb qilamiz.
Jamoamizda imtihonlardan eng yuqori ballarni olgan va ko‘p yillar davomida o‘quvchilarni ularga tayyorlagan tajribali mutaxassislar ham bor.

— Makon AI qanday daromad oladi?
— Obuna modeli asosida ishlaymiz. Turli mamlakatlarda oylik obuna narxi 39 dollardan 59 dollargacha.
— Startap qachondan daromad keltira boshladi?
— Mahsulotni ishga tushirganimizdan taxminan 10 kun o‘tib, muntazam daromad kela boshladi. Dastlab mahsulotimiz haqida tanishlarimiz, do‘stlarimiz va oila a’zolarimizga aytdik. Keyin marketingga jiddiyroq e’tibor qarata boshladik: foydalanuvchilarning o‘zlari yaratgan kontentga (UGC) asoslangan kampaniyalarni yo‘lga qo‘ydik va o‘sishni tezlashtirish uchun turli vositalardan foydalandik.
Dastlab loyiha juda tez rivojlandi. Birinchi ikki oy ichida oylik takrorlanuvchi daromadimiz (MRR) qariyb 12 ming dollarga yetdi.
— Bilishimcha, B2B yo‘nalishini ham rivojlantiryapsizlar?
— Ha, AQShdagi maktablar bilan hamkorlikni boshladik. Hozir ikkita faol B2B hamkorligimiz bor, yana bir nechta ta’lim muassasasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayonidamiz.
Hozircha bu yo‘nalishimiz unchalik katta emas: B2B orqali oyiga bir necha ming dollar daromad olamiz. Ayni paytda bu segment bilan ishlashni o‘rganyapmiz – mahsulotdan qanday foydalanilayotganini kuzatyapmiz, mijozlar duch kelayotgan muammolarni aniqlayapmiz va ularning fikr-mulohazalarini yig‘ayapmiz.
“Palo-Altoda bir necha oy yashab, kengroq miqyosda fikrlashni o‘rgandik”
— Dastlab startapga qancha mablag‘ sarfladingiz?
— SAT Makon’ni endigina yo‘lga qo‘yganimizda, katta mablag‘ talab qilinmadi. Eng katta sarmoyamiz vaqtimiz bo‘ldi.
— Startap uchun investitsiyalarni qanday jalb qildingiz?
— Jami qariyb 380 ming dollar investitsiya jalb qildik. Bu summaga biznes-farishtalardan dastlabki bosqichda olingan investitsiyalar hamda 2026-yil iyun oyida IT Park Ventures, Yoshlar Ventures va AloqaVentures bilan yopilgan 300 ming dollarlik investitsiya raundi kiradi.
— Investitsiya jalb qilish jarayoni qanday kechdi?
— Venchur fondlari bilan erta bahorda muzokaralarni boshladik. O‘sha paytda hali universitetda o‘qirdim va investitsiya jalb qilish ishlari bilan asosan o‘zim shug‘ullanardim. Investorlar kompaniyamiz faoliyatini har tomonlama tekshirishdi (due diligence). Biz kerakli hujjatlarni tayyorladik, qo‘shimcha savollarga javob berdik va investorlar bilan doimiy aloqada bo‘ldik. Investitsiya raundini taxminan 3 oyda yakunladik.

— Loyihani rivojlantirish uchun investitsiyalardan tashqari yana qanday ko‘mak oldingiz?
— Alchemist Silkroad – Silicon Valley Residency akseleratsiya dasturida qatnashdik. Uni Astana Hub IT Park Uzbekistan, Silkroad Innovation Hub va Alchemist bilan hamkorlikda amalga oshiradi. Kaliforniyaning Palo-Alto shahrida bir necha oy bo‘ldik. Bu bizga AQSh bozorini chuqurroq o‘rganish imkonini berdi.
Bu vaqt ichida fikrlash tarzimiz ham o‘zgardi – endi ancha kengroq miqyosda o‘ylay boshladik. Menimcha, eng qimmatli jihati Silicon Valley muhiti: boshqa tadbirkorlar, investorlar va soha mutaxassislari bilan birga bo‘lish, ular bilan tajriba almashish imkoniyati bo‘ldi.
— 2-3 yildan keyin Makon AI’ni qanday ko‘rishni istaysiz? Qaysi yo‘nalishlarga e’tibor qaratmoqchisiz?
— Hozir asosiy e’tiborimiz yuqori sinf o‘quvchilari uchun mahsulotni rivojlantirishga qaratilgan. Xalqaro imtihonlarga tayyorgarlik jarayonini imkon qadar tushunarli, har bir o‘quvchiga moslashtirilgan va hamma uchun ochiq qilishni istaymiz. Kelajakda ta’limning boshqa yo‘nalishlariga ham kirishimiz mumkin, ammo hozircha bu asosiy rejalarimiz qatoriga kirmaydi.