O‘zbekistonlik tadbirkor xodimlarni tanlash jarayonini tezlashtirish yo‘lini topdi va 560 ming dollar investitsiya jalb qildi
Abrorbek Sharipov moliya sohasida 20 yildan ortiq ishlagan. Oddiy xodimlikdan boshlab, Toshkentdagi Balton Trading Asia distribyutorlik kompaniyasining moliyaviy direktori (CFO) lavozimigacha ko‘tarilgan. 2019-yilda u o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishga qaror qilib, xodimlarni tanlash jarayonini avtomatlashtiruvchi Jobster.hr tizimini ishga tushirdi. Bugungi kunda kompaniyaning O‘zbekiston bo‘ylab 70 dan ortiq mijozi bor.
Digital Business va Astana Hub’ning “Markaziy Yevroosiyoning 100 ta startap tarixi” qo‘shma loyihasi uchun Abrorbek yirik korporatsiyadagi faoliyatidan keyin qanday qilib o‘z biznesini boshlashga qaror qilgani, Jobster.hr’ga shaxsiy mablag‘laridan qancha sarmoya kiritgani va kompaniya qancha vaqt davomida zarar bilan ishlaganini so‘zlab berdi.
“Dam olish kunlari do‘stim bilan yerto‘lada startap ustida ishlardik”
– Abrorbek, startapni tashkil etishdan oldin nima bilan shug‘ullangansiz?
– Men Qirg‘iziston chegarasiga yaqin joylashgan kichik Marhamat shahrida tug‘ilganman. 2003-yilda Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr bosqichini tamomladim. Oradan ikki yil o‘tib, magistr darajasini ham oldim.
Bakalavriatni tugatgach, Korzinka yirik supermarketlar tarmog‘iga ishga kirdim. Dastlab ombor mudiri yordamchisi bo‘lib ishladim, keyin buxgalteriya bo‘limiga o‘tdim, undan so‘ng esa moliya bo‘limida faoliyat yurita boshladim.
2005-yilda Korzinka egasi menga o‘zining distribyutorlik bilan shug‘ullanuvchi boshqa kompaniyasi – Balton Trading Asia’ga o‘tishni taklif qildi. U yerda moliya bo‘limi xodimi sifatida ish boshladim va keyinchalik moliyaviy direktor (CFO) lavozimigacha ko‘tarildim. 2023-yilgacha shu kompaniyada ishladim.
– IT sohasiga qachon qiziqa boshlagansiz?
– 2009-yilda menga kompaniyada ERP tizimini joriy etish vazifasi topshirildi. Buning uchun Amerikaning Oracle NetSuite bulutli tizimini tanladim. Jarayon davomida ko‘plab qiyinchiliklarga duch keldik. Masalan, o‘sha paytda O‘zbekistonda NetSuite ishlashi uchun zarur bo‘lgan 512 kbit/s tezlikdagi internet ham mavjud emas edi. Agar bu ish bunchalik murakkab bo‘lishini oldindan bilganimda, ehtimol, rozi bo‘lmagan bo‘lardim.
Shunga qaramay, ishni uddaladik. Oradan bir yarim yil o‘tib, butun kompaniya yagona ERP tizimida ishlay boshladi. Natijada Balton Trading Asia ko‘rsatkichlari bir necha barobar oshdi. Men esa o‘z kuchli tomonimni anglab, turli jarayonlarni avtomatlashtirish bilan shug‘ullana boshladim. Jami 10 dan ortiq turli yechim yaratdik.
– Ko‘p yillar bir kompaniyada ishladingiz. O‘z loyihangizni boshlash fikri qanday paydo bo‘ldi?
– Jobster.hr tarixi Balton Trading Asia’da ishlagan paytimda boshlangan. 2019-yilda HR mutaxassislari xonasiga kirganimda, rekruter katta bir uyum bosma rezyumelar orasidan Sarvar ismli mutaxassisning CV’sini ancha vaqtdan beri topa olmayotganiga ko‘zim tushdi. Shunda bu muammoni nomzodlarning elektron bazasini yaratish orqali hal qilish mumkinligi haqida o‘yladim.
HR bo‘limi rahbariga murojaat qilib, Telegram’da nomzodlardan kerakli ma’lumotlarni yig‘ib, ularni Excel jadvali ko‘rinishida taqdim etadigan chatbot yaratishni taklif qildim. Balton Trading Asia’da ko‘pincha “ko‘k yoqali” (jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi xodimlar) ishchilarni qidirishardi. Bunday xodimlar esa odatda rezyume tayyorlamaydi va ish qidirish platformalaridan foydalanmaydi. Telegram’dan esa o‘sha paytda deyarli hamma foydalanardi.
HR bo‘limi rahbari bu g‘oyani ma’qulladi. Shundan so‘ng mahsulotning dastlabki ishlaydigan versiyasi – MVP’ni yaratishga kirishdim.

– Demak, Jobster.hr kompaniya ichida yaratilgan startap bo‘lganmi?
– Yo‘q, loyihani ishdan bo‘sh vaqtlarimda rivojlantirardim. Dam olish kunlari dasturchi do‘stim Nurmuhammad bilan uyimning yerto‘lasida o‘tirib, kod yozardik. 2019-yilda O‘zbekistonda startap ekotizimi endigina shakllana boshlagan edi. Biz venchur bozori tushunchalari bilan o‘ylamasdik. Shunchaki dastur yaratib, biznesdagi muayyan muammoni hal qilishni istardik. 2020-yilda mahsulot tayyor bo‘ldi va Balton Trading Asia bizning ilk mijozimizga aylandi.
“Jobster.hr’ning 20 ta mijozi bo‘lganida yollanma ishdan ketdim”
– Jobster.hr hozir qanday vazifalarni hal qiladi?
– Bu ommaviy ishga qabul qilishga mo‘ljallangan xodimlarni tanlash jarayonini avtomatlashtirish tizimi. Odatda kompaniya ixtisoslashgan saytda vakansiya joylashtirsa, rekruterga juda ko‘p qo‘ng‘iroq va xabarlar keladi. Har bir nomzod bilan alohida suhbatlashish, bir xil savollarga qayta-qayta javob berish kerak bo‘ladi. Ba’zan bu ish vaqtidan tashqarida ham davom etadi.
Jobster.hr’dan foydalanganda kompaniya e’londa rekruterning telefon raqami o‘rniga bot yoki so‘rovnoma havolasini joylashtiradi. Nomzod tizimga kirib, ko‘p beriladigan savollarga javob oladi va dastlabki saralashdan o‘tadi. Tizim talablarga mos kelmaydigan nomzodlarni ajratib, eng munosiblarini qisqa ro‘yxatga kiritadi.
Nomzod tanlovdan o‘ta olmagan taqdirda ham, uning ma’lumotlari tizimda saqlanib qoladi. Shu tariqa kompaniyaning o‘z nomzodlar bazasi shakllanadi. Bundan tashqari, ish beruvchi batafsil tahliliy ma’lumotlarni ham ko‘rishi mumkin: qancha ariza kelib tushgani, ulardan nechtasi talablarga mosligi va hokazo. Jobster.hr’ni kompaniyaning veb-sayti, hh.uz, ishGO.uz, 1C, messenjerlar va tashkilot foydalanadigan boshqa tizimlar bilan ham integratsiya qilish mumkin.
Bularning barchasi xodim tanlash xarajatlarini o‘rtacha 30 foizga kamaytirish va ishga qabul qilish jarayonini 5 barobar tezlashtirish imkonini beradi.

– Dastlabki mijozlarni qanday jalb qilgansiz?
– Balton Trading Asia’dan keyin yana bir tanish kompaniya bilan hamkorlikni boshladik. Uchinchi yirik mijozimiz – Safia qandolatchilik tarmog‘ini esa bevosita bog‘lanib, xizmatimizni taklif qilish orqali jalb qildim. Safia’ning rahbari yosh, yangi avlod vakili ekaniga va biznesga zamonaviy qarashlari borligiga e’tibor berdim. Unga qo‘ng‘iroq qilib, xizmatimiz haqida gapirib berdim va sinab ko‘rishni taklif qildim. Bir-ikki aniqlashtiruvchi savol bergach, u rozi bo‘ldi. Shundan so‘ng Safia Jobster.hr bilan hamkorlikni boshladi.
Keyin mijozlar biz haqimizda bir-biriga tavsiya qila boshlashdi. Safia biz bilan ishlayotgani boshqa kompaniyalar bilan shartnomalar tuzishda katta yordam berdi. 2023-yilda Jobster.hr mijozlari soni 20 taga yetgach, yollanma ishdan ketdim va butun e’tiborimni startapga qaratdim.
– Hozir Jobster.hr nechta mijoz bilan ishlayapti?
– Hozirda mijozlarimiz soni 70 dan ortiq. Sohalar kesimida qaraydigan bo‘lsak, xizmatimizga asosan HoReCa obyektlari, supermarketlar, yirik chakana savdo tarmoqlari, shuningdek, omborxona va logistika kompaniyalari qiziqish bildirmoqda. KFC, Uzum Market, Korzinka kabi bozorning yirik kompaniyalari bilan hamkorlik qilamiz. Shu bilan birga, Jobster.hr ikki yoki undan ortiq filiali va 30 nafardan ortiq xodimi bor har qanday biznes uchun foydali bo‘lishi mumkin.

– Qaysi mamlakatlarda faoliyat yurityapsiz?
– Avvalroq Qozog‘iston va Tojikistondagi ayrim mijozlarni tizimga ulaganmiz, ammo hozircha asosiy e’tiborimiz O‘zbekiston bozorida. Shu bilan birga, filiallarini boshqa mamlakatlarda ham ochayotgan yirik tarmoq mijozlarimiz ortidan qo‘shni bozorlarga ham kirib boryapmiz.
“2022-yilgacha zarariga ishladik”
– Jobster.hr qanday monetizatsiya modeliga asoslangan?
– Biz klassik B2B SaaS modelida ishlaymiz, ya’ni xizmatdan foydalanish uchun obuna to‘lovi undiriladi. Narx xizmatdan foydalanadigan rekruterlar va menejerlar soniga, shuningdek, tanlangan funksiyalar to‘plamiga bog‘liq.
O‘rtacha hisobda bir rekruter uchun xizmatdan foydalanish oyiga taxminan 65 dollar, menejer uchun esa 5 dollardan biroz qimmatroq turadi.
– Hozir daromad topyapsizmi?
– 2022-yilgacha zarariga ishladik. Bugungi kunda Jobster.hr’ning oylik takroriy daromadi (MRR) 27 200 dollarni tashkil etadi. Bir mijozdan tushadigan o‘rtacha to‘lov esa 400 dollar atrofida.

– Loyihani rivojlantirish uchun mablag‘ni qayerdan oldingiz?
– Dastlabki yillarda loyihaga o‘z mablag‘imni sarfladim. Avval 18 ming dollar, keyin yana 125 ming dollar tikdim.
2020-yilda farishta investorlardan 60 ming dollar investitsiya jalb qildik. 2022-yilda MohirDev kompaniyasidan 150 ming dollar, 2024-yilda esa Aloqa Ventures fondidan yana 150 ming dollar oldik.
Shuningdek, 2024-yilda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Plug and Play tashkil etgan President Tech Award tanlovida birinchi o‘rinni egalladik. “Tadbirkorlik va moliyaviy texnologiyalar” yo‘nalishida g‘olib bo‘lib, 100 ming dollar mukofot oldik. Bundan tashqari, Google’dan 100 ming dollarlik grant ham qo‘lga kiritdik.
– Shu yilning fevral oyida Jobster.hr doirasida yana bir loyiha – ishGO.uz’ni ham ishga tushirdingiz. Bu servis qanday imkoniyatlarni taklif qiladi?
– Bu O‘zbekistondagi HR mutaxassislari va rekruterlar uchun vakansiyalar hamda rezyumelar agregatori. Jobster.hr asosan yirik kompaniyalarga mos bo‘lsa, ishGO.uz’dan faol vakansiyalari tez-tez paydo bo‘lavermaydigan kichik korxonalar va frilanser rekruterlar foydalanadi.
ishGO.uz yordamida ish beruvchilar nomzodlarni dastlabki saralash uchun Telegram’da chatbot yaratishi, platformamizga vakansiyalar joylashtirishi, shuningdek, rezyumelar bazasi va boshqa funksiyalardan foydalanishi mumkin.
“Startapni talabalik davrida emas, hech bo‘lmaganda 30 yoshdan keyin boshlash kerak”
– Jobster.hr’ni 6 yildan ortiq vaqt davomida o‘z kuchingiz bilan rivojlantirdingiz. Ammo 2025-yilda Silicon Valley’da akseleratsiyadan o‘tishga qaror qildingiz. Nega?
– Dunyodagi aksariyat “yakkashox” kompaniyalar aynan AQShda paydo bo‘ladi. Men ham startaplar olamining markaziga borib, Amerikada bu soha qanday rivojlanganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni istadim. Natijada AlchemistX – Alchemist Accelerator, Astana Hub, Silkroad Innovation Hub va IT Park Uzbekistan tashkil etgan dasturda qatnashdim. Men uchun bu B2B tadbirkorlik bo‘yicha juda kuchli maktab, qolaversa, yangi aloqalar o‘rnatish uchun ulkan imkoniyat bo‘ldi. Dastur dunyoqarashimni mahalliy bozordan global bozorga yo‘naltirishga yordam berdi.
– Dunyoqarashingizda nimalar o‘zgardi?
– Akseleratsiya davomida jamoamizning zaif tomonini angladim. “Xaker – xipster – xastler” konsepsiyasiga ko‘ra, startapni yaratish va rivojlantirish uchun uch kishi kerak: dasturlash bilan shug‘ullanadigan “xaker”, foydalanuvchi tajribasi uchun mas’ul “xipster” va savdoga e’tibor qaratadigan “xastler”. Aynan oxirgi mutaxassis bizga yetishmayotgan edi. Shu sababli, aslida juda yaxshi bo‘lgan ko‘plab g‘oyalarimiz ham kutilgan natijani bermagan.
Bundan tashqari, g‘oyani tanlash bosqichidayoq odamlar bir-biriga tavsiya qilishi orqali o‘z-o‘zidan ommalasha oladigan loyihaga ustunlik berish muhimligini tushundim. Aks holda, marketingga juda katta mablag‘ sarflab ham, kerakli natijaga erisha olmaslik mumkin.
Menimcha, startapni talabalik davridayoq emas, hech bo‘lmaganda 30 yoshdan keyin boshlagan ma’qul. Avval mavjud kompaniyalarda ishlab, tajriba orttirish, shundan keyingina o‘z mahsulotingni yaratishga kirishish muhim. SI rivojlanishi bilan har qanday IT yechimni ishlab chiqish ancha osonlashdi. Raqobat kuchayib borayotgan sharoitda esa o‘z sohasini chuqur biladigan asoschilar muvaffaqiyatga erishadi. Hozir tajribasi yo‘q yoshlar uchun mo‘ljallangan akseleratsiya dasturlari ko‘p. Ammo mening fikrimcha, bu unchalik to‘g‘ri yondashuv emas. Eng avvalo, tadbirkorlik tajribasiga ega insonlarni qo‘llab-quvvatlash kerak. AQShda startap asoschilarining o‘rtacha yoshi 40-45 yosh ekani ham bejiz emas.

– Amerika bozoriga chiqish haqida nima deysiz?
– AQShda bo‘lgan uch oy davomida mahalliy supermarketlar faoliyatini o‘rgandim. U yerda hanuzgacha qog‘oz rezyumelarni yig‘ib, nomzodlarni shu yo‘l bilan tanlaydigan do‘konlar ham, ishga qabul qilish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgan yirik tarmoqlar ham bor ekan. Biroq Jobster.hr O‘zbekistonda yaratilgan va aynan rivojlanayotgan mamlakatlar bozoriga moslashtirilgan. AQSh uchun esa butunlay boshqa mahsulot yaratish kerak.
Bu safar menga katta tajriba berdi va imkoniyatlarimizni xolis baholashga yordam berdi. Amerika bozori tubdan boshqacha mahsulotni hamda asoschining o‘sha yerda doimiy bo‘lishini talab qiladi. Biz hozirgi asosiy ustunligimiz va imkoniyatimiz Markaziy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlarida ekanini angladik. Bu hududda xodimlarni ishga qabul qilish jarayonini avtomatlashtirishga talab juda yuqori. Shu sababli, aynan shu bozorda faoliyatimizni kengaytirishga e’tibor qaratish uchun Toshkentga qaytdim.
– Hozir Jobster.hr jamoasida nechta kishi ishlaydi?
– Jamoamizda jami 20 kishi bor, ulardan besh nafari ishGO.uz loyihasida ishlaydi. Shunga qaramay, kompaniyaning kundalik ishlarida hamon faol ishtirok etaman. Menimcha, bosh direktor kundalik operatsion ishlardan butunlay chetlashib, biznesni muvaffaqiyatli yuritishda davom eta olmaydi.

– Jobster.hr’ni kelajakda qanday ko‘rishni istaysiz?
– Maqsadimiz – rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega mamlakatlar bozorida oddiy ishchi xodimlarni ishga qabul qilish bo‘yicha birinchi raqamli platformaga aylanish. Jobster.hr’ga ulanish orqali “ko‘k yoqali” xodimlarni ishga qabul qilishning barcha bosqichlari avtomatlashtirilishini, rahbarlar esa bu jarayon bilan bog‘liq tashvishlardan xalos bo‘lishini istaymiz.
Men uchun global kompaniya maqomi MRR ko‘rsatkichlari bilan belgilanmaydi. Eng muhimi, millionlab insonlar men yaratgan yechimdan foydalanib, tanish-bilishchilik orqali emas, o‘z qobiliyatlari tufayli ish topishlarini istayman. O‘zbekiston va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda “tanish-bilish orqali ishga kirish” degan tushuncha yo‘qolishini orzu qilaman.