Hikmatillo Umarxo‘jiyev 31 yoshda bo‘lib, Andijonda gilamdo‘zlar oilasida ulg‘aygan, gilam sotish bilan shug‘ullangan va chakana savdo biznesini rivojlantirgan. Keyinchalik tadbirkor AQShga ko‘chib o‘tdi va Findecor – xaridorlarga mebel va boshqa interyer buyumlarini o‘z xonasida qanday ko‘rinishini vizual tarzda tasavvur qilishga yordam beradigan servis startapini ishga tushirdi. 2026-yilda esa Hikmatillo yangi jamoa bilan Arbuz loyihasiga o‘tdi – bu mebel chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun SI-servis bo‘lib, hozirning o‘zida AQShdagi 10 ta kompaniya uni sinovdan o‘tkazmoqda.
Astana Hub va Digital Business’ning “Markaziy Yevroosiyoning 100 ta startapi” loyihasi uchun Hikmatillo startapning dastlabki modeli nima sababdan ishlamaganini, AQShdagi ilk B2B mijozlarini qayerdan topganini va Silicon Valley Residency dasturidagi ishtiroki unga nimalar berganini so‘zlab berdi.
“Yoshligimdan bobomning ustaxonasida gilam to‘qishni o‘rgandim”
– Hikmatillo, o‘zingiz haqingizda gapirib bering. AQShga ketishdan oldin nima bilan shug‘ullangansiz?
– Men 1995-yilda Andijonda tug‘ilganman. Yoshligimdan bobomning ustaxonasida gilam to‘qishni o‘rgandim: dastgohda ishlardim, materiallarni farqlardim, tugunlarning zichligi va naqsh sifatini baholardim. Keyinchalik oilaviy gilamchilik biznesi – “Mamadaliev Islombek gilamlari”ga qo‘shildim va 6 yil shogird sifatida ishladim.
2013-yilda Buyuk Britaniyadagi Sanderlend universitetiga “Buxgalteriya hisobi va moliya” yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. 2017-yilda diplom oldim. Shu bilan birga, 2016-yilda O‘zbekistonning ikki shahri – Marg‘ilon va Asakada qo‘lda gilam to‘qish ustaxonasiga asos soldim. 500 dan ortiq mahsulot tayyorladik, ularning ayrimlarini Yevropa va AQShga yetkazib berdik. Shuningdek, gilam sotish bo‘yicha dilerlik tarmog‘ini rivojlantirdim: 2020-yildan 2023-yilgacha u bitta do‘kondan to‘rtta do‘konga kengaydi, savdo hajmi taxminan 250 foizga oshdi, mijozlar bazasi esa 2,6 mingdan ortiq xonadonga yetdi.
Shu yillar davomida gilamchilik biznesini turli tomonlardan o‘rgandim. Mahsulot tanlash, dizayn, ishlab chiqarish, chakana savdo, operatsion masalalar bilan shug‘ullandim va mijozlar bilan muloqot qildim.
– Nega AQShga ko‘chib o‘tib, texnologik startapni ishga tushirishga qaror qildingiz?
– AQShga talabalik vizasi bilan keldim: Golden Gate universitetining MBA dasturiga o‘qishga kirdim. O‘zim yaxshi bilgan uy-ro‘zg‘or mahsulotlari bozorini texnologiyalar qanday o‘zgartirishi mumkinligini tushunishni xohladim.
Startaplar sohasiga dasturchi sifatida emas, balki mijoz, mahsulot va savdo jarayonini ichidan yaxshi tushunadigan tadbirkor sifatida kirib keldim.
– Birinchi loyiha g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
– Yillar davomida xaridorlardan “Bu mening xonamga mos keladimi?”, “O‘lchami to‘g‘rimi?”, “Ranglar bir-biriga mos keladimi?”, “Yoniga nima qo‘ysam bo‘ladi?” kabi bir xil savollarni eshitardim. Xarid qilish vaqtida doim ko‘p ikkilanishlar bo‘ladi. Men bu ikkilanishlarni qanday bartaraf etish mumkinligi haqida o‘ylay boshladim va buning uchun mijozning o‘z xonasidan foydalanish kerak, degan fikrga keldim. Shu tariqa Findecor g‘oyasi paydo bo‘ldi.
“Riteylerga sotuvni amalga oshirishga yordam beradigan vosita berdik”
– Startap nimadan iborat edi?
– Findecor’ni 2025-yil mart oyida oddiy xaridorlar uchun B2C-servis sifatida ishga tushirdim. Inson o‘z xonasini suratga olardi, tizim esa unga mos kelishi mumkin bo‘lgan interyer buyumlarini qo‘shib ko‘rsatardi.
Keyinchalik do‘kon egalari bilan 30 ta chuqur intervyu o‘tkazdim. Dastlabki munosabat hissiy bo‘ldi – gilam yoki divanning haqiqiy xonada qanday ko‘rinishini vizual tarzda ko‘rish deyarli hammaga yoqdi. Ammo keyin riteylerlar “Bular mening mahsulotlarimmi? Ular hozir menda bormi?” deb so‘ray boshlashdi.
Biz do‘konga chiroyli rasmning o‘zi yetarli emasligini, xaridorga haqiqatda sotib olish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni ko‘rsatish muhimligini tushundik. Shuning uchun servisga riteylerlarning assortiment, narxlar va mavjud qoldiqlar ko‘rsatilgan haqiqiy kataloglarini ulay boshladik. Shu tariqa B2C’dan B2B’ga o‘tdik.
Mahsulotni sinovdan o‘tkazar ekanmiz, riteylerlar bilan suhbatlashib, texnologiyaning imkoniyatlarini yaxshiroq tushunib borgani sari muammoga bo‘lgan qarashimiz ham o‘zgardi. Avval “Odamga ko‘proq mahsulotlarni qanday ko‘rsatsak ekan?” deb o‘ylagan bo‘lsak, keyinchalik “Unga o‘z xonasiga haqiqatan mos keladigan narsani ko‘rish va xarid qilish haqida ishonchli qaror qabul qilishga qanday yordam berish mumkin?” degan savolni bera boshladik.
Asta-sekin Findecor faoliyatini to‘xtatdim va 2026-yil fevral oyida yangi loyiha – bu safar kengaytirilgan reallik texnologiyasi asosida tuzilgan Arbuz nomli loyiha bilan shug‘ullana boshladim.
“Xaridorni bitta mahsulotdan butun xona uchun to‘plam tanlashgacha olib boramiz”
– Yangi loyihaning g‘oyasi nimadan iborat?
– Bu mebel riteylerlari uchun ishlab chiqilgan SI-tizim bo‘lib, tanlangan mahsulot atrofida butun interyerni shakllantirishga yordam beradi. Tasavvur qiling, xaridorga do‘kon saytida biror divan yoqdi. Arbuz yordamida u AR texnologiyasi orqali bu divanni o‘z xonasiga joylashtirib ko‘rishi mumkin. Keyin tizim riteyler katalogidan mos keladigan mahsulotlar: gilam, jurnal stoli, kreslo yoki chiroqni taklif qiladi. Xaridor butun interyerni yaxlit holda ko‘radi va savatga qaysi mahsulotlarni qo‘shishni tanlaydi.
– Arbuz AQSh bozoridagi boshqa yechimlardan nimasi bilan farq qiladi?
– Ko‘pincha bizni ikki turdagi yechim bilan taqqoslashadi. 3D-rendering servislarida sifatli tasvir olinadi, biroq ular savdo jarayonidan alohida ishlaydi. Bitta mahsulotni AR orqali xonada sinab ko‘rish imkonini beradigan servislar esa mahsulotni xonada ko‘rsatadi, lekin uning yoniga nima qo‘yish kerakligi haqidagi savolga javob bermaydi. Biz esa riteylerning haqiqiy katalogi bilan ishlaymiz va xaridorni bitta mahsulotdan butun xona uchun to‘plam tanlashgacha olib boramiz.
Arbuz mebel do‘konining saytiga integratsiya qilinadi: tashrif buyuruvchi, masalan, divanni tanlaydi, AR yordamida uni o‘z xonasiga joylashtiradi, servis esa unga shu do‘konning o‘zidan boshqa mos mahsulotlarni tanlab beradi.
– Arbuz qaysi texnologiyalar asosida ishlaydi? O‘z SI-modellaringizdan foydalanasizmi yoki boshqa kompaniyalarning yechimlaridanmi?
– Arbuz’ning asosiy texnologiyalarini o‘zimiz ishlab chiqamiz. Bular xonani tahlil qiladigan va riteyler katalogidan bir-biriga mos keladigan mahsulotlarni tanlaydigan tizimlardir. Zamonaviy SI-modellarni o‘z infratuzilmamizda ishga tushiramiz, shu sababli tizimning sifati va ishlash tezligini, shuningdek, mijozlar ma’lumotlari xavfsizligini nazorat qila olamiz.
– Mijozlarga Arbuz’ni ulash nima beradi?
– Arbuz konversiya, o‘rtacha chek, buyurtmadagi mahsulotlar soni va xaridorning xarid qilishdagi ishonchiga ta’sir qiladi, deb kutyapmiz. Agar inson divanni o‘z xonasida ko‘rib, unga qaysi mahsulotlar mos kelishini darhol tushunsa, noaniqlik kamayadi va u bitta mahsulot o‘rniga bir nechta mahsulotni tanlashi mumkin.
Avval riteylerning asosiy ko‘rsatkichlarini qayd etamiz, keyin Arbuz ulanganidan so‘ng nimalar o‘zgarganini o‘lchaymiz. Mahsulot sahifalaridagi faollik, konversiya, o‘rtacha chek, buyurtmadagi mahsulotlar soni va ma’lumotlar mavjud bo‘lgan hollarda qaytarilgan mahsulotlar ko‘rsatkichlarini kuzatamiz.
Maqsadimiz juda amaliy – riteyler o‘z ko‘rsatkichlariga qarab: “Arbuz bizga ko‘proq sotishga yordam berdi”, deyishini xohlaymiz. Agar bunday natijani muntazam ta’minlay olsak, shunchaki ko‘zga tashlanadigan SI-funksiyani emas, balki haqiqatda daromad keltiradigan vositani yaratgan bo‘lamiz.
“Hozir bizda turli bosqichlarda 10 ta korporativ pilot loyiha bor”
– Mijozlarni izlash jarayoni qanday kechmoqda?
– Kompaniya egalari, savdo va marketing rahbarlariga shaxsan o‘zim yozaman. Dastlabki bosqichda mijozlar bilan bevosita gaplashish kerak. Shuningdek, jamoamiz bilan High Point Market – AQShdagi mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlari sanoatining dunyodagi eng yirik ko‘rgazmasida ham ishtirok etdik.
Eng qiyin vazifa meni hech kim tanimaydigan yangi bozorga kirib borish bo‘ldi. Shu sababli mahsulot haqida shunchaki gapirib berishning o‘zi yetarli emas: riteylerlar servis ishlashini, uni mavjud tizimga integratsiya qilish mumkinligini va u o‘lchab bo‘ladigan natija berishini ko‘rishni xohlashadi.
Shu tariqa kompaniyalarga Arbuz’ni o‘z kataloglarida sinab ko‘rish imkonini beruvchi pilot loyihalarni taklif qila boshladik.
– Hozir nechta do‘kon Arbuz’ni sinovdan o‘tkazyapti?
– Hozir bizda turli bosqichlarda 10 ta korporativ pilot loyiha bor. Bular uy-ro‘zg‘or buyumlari sohasidagi mebel kompaniyalari – asosan mustaqil va hududiy tarmoqlar bo‘lib, ularning shourumlari va internet-do‘konlari mavjud.
Bizning asosiy e’tiborimiz o‘rta hajmdagi riteylerlarga qaratilgan: ularda mahsulotlar katalogi, trafik va savdo mavjud, ammo bunday texnologiyani ichki kuchlari bilan yaratish uchun muhandislar jamoasi yo‘q.
– Riteyler sizning xizmatlaringiz uchun qanday haq to‘laydi va pilot loyihani ishga tushirish qancha vaqt oladi?
– Pilot deyarli har doim qisqa muddatli bepul yoki imtiyozli davrdan boshlanadi. Keyinchalik esa oylik obuna modeliga o‘tamiz. Uning narxi katalog hajmi va savdo nuqtalari soniga bog‘liq.
Birinchi aloqadan pilot loyihagacha o‘rtacha 1,5 oydan 3 oygacha vaqt ketadi. Bunda katalogni tizimga ulash odatda 5-10 ish kunini oladi.
“Barqaror natijalarni ko‘rganimizdan keyin investitsiya jalb qilamiz”
– Findecor va Arbuz’ni qanday mablag‘ hisobidan ishlab chiqqansiz?
– Dastlab gilam va riteyl biznesida ishlab topgan o‘z mablag‘larimni sarfladim. Dastlabki bosqichda Findecor uchun SAFE orqali angel investitsiya ham oldik.
Arbuz’ga investitsiyani barqaror natijalarni ko‘rganimizdan va qo‘shimcha kapital allaqachon ishlayotgan modelni tezroq masshtablashga yordam berishini tushunganimizdan keyin jalb qilamiz.
– Bugun siz bilan birga Arbuz’ni kimlar rivojlantiryapti?
– Abdulaziz Alimov va Jon Azimov. Ular bilan Silikon vodiysidagi Silkroad Innovation Hub’da tanishganman.
Men – hammuassis va CEO: global rivojlanish konsepsiyasi, mijozlar, savdo, hamkorlik aloqalari, investitsiyalarni jalb qilish va biznes strategiyasi uchun javob beraman. Abdulaziz – CTO. Uning muhandislik sohasida 10 yildan ortiq tajribasi bor: startapdan oldin u Amerikaning Jasper va Olive yagona shox kompaniyalarining dastlabki muhandislik jamoalarida ishlagan. U Arbuz’ni ishlab chiqishda muhim rol o‘ynaydigan SI platformasi – ChatVLM’ni yaratgan. U modellarga yuboriladigan so‘rovlarni yo‘naltirish uchun o‘zining aqlli arxitekturasiga ega va tijoriy axborotni qayta ishlash ustidan to‘liq nazoratni ta’minlaydi.
Jon barcha yuridik masalalarni to‘liq nazorat qiladi. Bu sohada uning 20 yillik tajribasi bor.
Shuningdek, Mauntin-Vyu shahridagi ofisimizda 3 nafar muhandis va marketolog ishlaydi, yana 4 nafar dasturchi Toshkentda faoliyat yuritadi.
– Hammuassislaringiz bilan Silkroad Innovation Hub orqali tanishgansiz. Gap qaysi dasturlar yoki tadbirlar haqida bormoqda?
– 2025-yilda Findecor loyihasi bilan AlchemistX & Silicon Valley Residency Program’da ishtirok etdik. Uni Astana Hub, Silkroad Innovation Hub, Alchemist Accelerator va IT Park Uzbekistan tashkil etdi. Biz uchun bu Amerika bozorini yanada chuqurroq o‘rganish imkoniyati bo‘ldi. B2B savdolari va investorlar bilan ishlash bo‘yicha sessiyalar, pitchlar tahlili, shuningdek riteylerlar va tadbirkorlar bilan bevosita tanishuvlar yodimizda qoldi.
Aynan dasturda ishtirok etish davomida biz B2B yo‘nalishiga – gilam do‘konlari va riteylerlarga e’tiborimizni qaratdik va Silikon vodiysidagi dastlabki 5 ta mijozimizni qo‘lga kiritdik.
– 5 yildan keyin kompaniyangizni qanday tasavvur qilasiz?
– Arbuz mebel va uy-ro‘zg‘or buyumlarini onlayn sotish uchun asosiy vositalardan biriga aylanishini xohlayman. Maqsadimiz – mijozlari va o‘lchab bo‘ladigan qiymatga ega, global va barqaror B2B kompaniya qurish.
Mebelni onlayn xarid qilish jarayoni hanuz hayratlanarli darajada oddiy. Inson mahsulotning suratini ko‘radi va bu buyum uning xonasida qanday ko‘rinishini, shuningdek uning yoniga nimalarni qo‘yish mumkinligini o‘zi tasavvur qilishi kerak. Biz buni mahsulotimiz yordamida o‘zgartirishga umid qilamiz.