O‘zbekistonlik tadbirkor $1,7 mln sarmoya kiritib, fabrikalar uchun AI-tizim yaratdi
Зухриддин Нуриддинов
Zuxriddin Nuriddinov xorijda oliy ma’lumot olib, bir necha yil Singapurda yashadi. 2019-yilda Zuxriddin Toshkentga qaytib, buyurtma asosida dasturiy ta’minot ishlab chiqadigan Algorithm Gateway kompaniyasiga asos soldi. Mijozlardan biri uchun jamoa to‘qimachilik fabrikasida yashirin yo‘qotishlarni aniqlash va kechikishlarni bartaraf etishga yordam beradigan servis yaratdi. Oradan bir necha yil o‘tib, MVP korporativ jarayonlar uchun to‘laqonli operatsion SI-tizim — AURA OS’ga aylandi. Bugungi kunda undan 80 dan ortiq ishlab chiqarish korxonasi foydalanadi, startapning o‘zi esa Markaziy Osiyo hududidan tashqariga faol kengaymoqda.
Digital Business va Astana Hub’ning “Markaziy Yevroosiyoning 100 ta startap tarixi” qo‘shma loyihasi uchun Zuxriddin kompaniyaning ilk mijozlari kim bo‘lgani, nima sababdan ayrim xodimlar tizimni joriy etishga to‘sqinlik qilgani va mahsulotni ishlab chiqishga qancha million dollar sarmoya kiritgani haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, AURA OS an’anaviy ERP-tizimlardan nimasi bilan farq qilishi va foydali ishlayotgan biznesga nima uchun investitsiya kerak bo‘lgani haqida ham bilib oldik.
“Ayrim hollarda unumdorlik 2 barobardan ham ko‘proqqa oshdi”
– Zuxriddin, startapni ishga tushirishdan oldin nima bilan shug‘ullangansiz?
– Malayziyadagi Cardiff Metropolitan University’da biznes yo‘nalishi bo‘yicha daraja oldim va universitetni tamomlagach, Singapurga ko‘chib o‘tdim. U yerda 2018-yilda Buyuk Britaniyadan bo‘lgan hamkorim Jeyms Anderson bilan birgalikda fintech kompaniyasiga asos soldik. Banklar, aktivlarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar uchun turli yechimlar yaratdik, shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo va Gonkong bozorlarida blokcheyn texnologiyalari bilan ishladik.

– AURA OS’ni yaratish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?
– 2019-yilda oilaviy sharoitlar sabab Toshkentga qaytdim va Singapurdagi biznesimni masofadan turib yuritishda yordam berishlari uchun mahalliy dasturchilarni ishga oldim. Shuningdek, buyurtma asosida dasturiy ta’minot ishlab chiqish bilan shug‘ullanuvchi Algorithm Gateway kompaniyasini ochdim.
Menda avval mahsulot yaratib, keyin unga xaridor izlash maqsadi bo‘lmagan. Aksincha, masalaga teskari tomondan yondashdim. Turli hududlarda to‘qimachilik ishlab chiqarishi bilan shug‘ullangan tanishlarimni esladim. Ular biznesdagi muammolardan doim shikoyat qilishardi. Shunday korxonalardan biriga borib, aynan nima ularni qoniqtirmayotganini so‘radim.
Ma’lum bo‘lishicha, ishlab chiqarishda ko‘pincha xomashyo yetishmaydi. Uni Xitoy yoki boshqa davlatlardan yetkazib berish uchun qariyb bir oy kutishga to‘g‘ri keladi. Shu sababli buyurtmalarni ko‘pincha o‘z vaqtida tikib bo‘lmaydi. Agar muddatlar juda cho‘zilib ketsa, mijoz chegirma talab qilishi, mahsulotni keyingi mavsumda sotib olishi yoki umuman kelishuvdan voz kechishi mumkin.
Natijada omborlar fabrika sota olmaydigan yoki katta chegirma bilan sotishga majbur bo‘ladigan keraksiz mahsulotlarga to‘lib ketadi. Marja qisqaradi, zararlar esa ortadi. Shunday uzilishlar — masalan, xomashyo yetishmasligi xavfini oldindan aniqlay oladigan va muammo kechikishlar hamda moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishidan oldin nima qilish kerakligini ko‘rsatib beradigan tizim yaratish istagi paydo bo‘ldi. Shu tariqa AURA OS paydo bo‘ldi.
– Tizimingiz yordamida aynan nimalarni yaxshilashga muvaffaq bo‘ldingiz?
– Avvalo, AURA OS tadbirkorlarga yashirin yo‘qotishlarni ko‘rishga yordam berdi. O‘zbekistondagi fabrika va zavodlarda rahbariyat hamda mulkdorlar ko‘pincha hatto sezmaydigan juda ko‘p xarajatlar mavjud. Dastlab ishlab chiqarish, savdo, zaxiralar, moliya va ta’minot zanjirlari haqidagi barcha ma’lumotlarni birlashtirdik. Keyin tizim SI yordamida qaysi bosqichda zarar keltirib chiqaradigan muammoli nuqtalar paydo bo‘layotganini tahlil qildi.
Shuningdek, mulkdorlar yangi xodimlarni ishga olmasdan va qo‘shimcha uskunalar sotib olmasdan ishlab chiqarish quvvatini oshirishga muvaffaq bo‘lishdi. Masalan, to‘qimachilik fabrikasida odamlar bir qator bo‘lib o‘tiradi va bitta liniyaning turli uchastkalarida ishlaydi. Tasavvur qilaylik, birinchi stolda ishlaydigan xodim soatiga 100 dona mahsulotni qayta ishlay oladi, ikkinchisi esa atigi 50 dona, uchinchisi esa yana 100 dona. Birinchi va uchinchi xodimlar samaraliroq ishlashiga qaramay, butun liniya amalda soatiga 50 dona tezlikda ishlaydi.

AURA OS xodimlar va butun liniya ko‘rsatkichlarini taqqoslash orqali muammo aynan qaysi bosqichda yuzaga kelayotganini aniq aniqlashga yordam berdi. Shundan so‘ng xodimlarni to‘g‘ri taqsimlash va tezroq ishlaydigan ishchilarni bir uchastkaga joylashtirish imkoniyati paydo bo‘ldi. Ayrim hollarda resurslar qayta taqsimlangandan so‘ng ishlab chiqarish unumdorligi taxminan 2,1 baravarga oshdi.
Korxonalardan birida rahbariyat xalqaro buyurtmani bajarish uchun qo‘shimcha sex qurish va xodimlar sonini ko‘paytirishni rejalashtirgan edi. Rejalashtirilgan investitsiya miqdori — taxminan $7 mln. Tizimimiz tahlili va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini qayta taqsimlash natijasida kengayishdan voz kechish va avval rejalashtirilganidan ancha kam xodim yollashga muvaffaq bo‘lindi.
– Siz AURA OS’ni “system of action”, ya’ni harakatlar tizimi sifatida taqdim etasiz. Bu nimani anglatadi?
– An’anaviy ERP-tizimlarni “system of record” — hisobga olish tizimlari deb atash mumkin. Ular batafsil va sifatli hisobotlarni yaratadi, biroq hujjatda qayd etilgan natijaga endi hech qanday ta’sir ko‘rsatib bo‘lmaydi. Keyingi oy yoki chorakda taktikani o‘zgartirish mumkin, ammo hisobotda qayd etilgan moliyaviy yo‘qotishlarning o‘rnini kompaniya endi qoplay olmaydi.
AURA OS kompaniya ichidagi hisob, ombor, savdo va boshqa ma’lumotlar manbalariga ulanib, ishlab chiqarish, zaxiralar, xaridlar, moliya va buyurtmalar haqidagi ma’lumotlarni birlashtiradi. AI ushbu ko‘rsatkichlarni doimiy ravishda tahlil qiladi, og‘ishlarni aniqlaydi va muammo qayerda yuzaga kelishi mumkinligini oldindan prognoz qiladi.

Masalan, agar tizim ikki haftadan keyin xomashyo taqchilligi yuzaga kelishini prognoz qilsa, u shunchaki bu haqda ogohlantirib qo‘ymaydi. Mumkin bo‘lgan yo‘qotishlarni baholaydi, masalan, material xarid qilish yoki zaxiralarni qayta taqsimlash kabi yechimni taklif qiladi, mas’ul xodimni belgilaydi va topshiriqning bajarilishini kuzatib boradi.
AURA OS ERP-tizimini SI asosidagi operativ tahlil bilan bitta platforma doirasida birlashtiradi. Maqsad rahbariyatga yana bitta monitoring panelini taqdim etish emas. Muhimi, hali kech bo‘lmasdan turib natijani o‘zgartira oladigan harakat bilan ma’lumotlarni bog‘lash.
“Startap faoliyati davomida 500 dan ortiq korxona bilan hamkorlik qildik”
– Ilk mijozlaringiz tanish tadbirkorlar bo‘lgan. Boshqa mijozlarni qanday izlagansiz?
– “Og‘izdan-og‘izga” tavsiyalar yordam berdi. To‘qimachilik fabrikalari katta ekotizimning bir qismidir. Ular xomashyo yetkazib beruvchilar, ishlab chiqarish kompaniyalari, distribyutorlar va chakana savdo do‘konlari bilan hamkorlik qiladi.
AURA OS joriy etilgandan so‘ng jarayonning boshqa ishtirokchilari fabrikaning endi kechikishlarsiz ishlayotganini payqashdi. Ular tizimga qiziqa boshlashdi, uni o‘z korxonalariga joriy etishdi va hamkorlariga tavsiya qilishdi.
Dastlabki yillarda AURA OS’ni har qanday biznesga moslashtirdik. Masalan, menda tibbiy diagnostika markazlari tarmog‘i ham bor, ular uchun boshqaruv tizimini ishlab chiqdik. CRM, HR-tizimlar va boshqa yechimlarni yaratdik. Faqat 2021-yildan boshlab AURA OS’ni alohida mahsulot sifatida sota boshladik.

– Hozir sizda nechta mijoz bor?
– Bugungi kunda 80 dan ortiq ishlab chiqarish kompaniyasi AURA OS’dan faol foydalanmoqda. Startap faoliyati davomida 500 dan ortiq korxona bilan hamkorlik qildik.
Hozir asosiy e’tibor aynan operatsion jarayonlari murakkab bo‘lgan, zaxiralarni boshqarish, ishlab chiqarishni rejalashtirish va aylanma mablag‘larni boshqarish moliyaviy natijaga bevosita ta’sir qiladigan sanoat korxonalariga qaratilgan.
Sohalar bo‘yicha esa ko‘pincha to‘qimachilik, tikuvchilik va mebel fabrikalari, shuningdek, oziq-ovqat, ichimliklar va qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar bilan ishlaymiz.
– Dastlab qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
– Ishning boshida ko‘plab oddiy xodimlar tizimni joriy etishga tayyor emas edi. Ularning ayrimlari texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlikka ega emas, ularga hisob-kitobni qog‘ozda yuritish osonroq edi. Tez orada odamlarni ishlab chiqilgan tizimdan foydalanishga majburlab bo‘lmasligini tushundik. Tizimni imkon qadar sodda va tushunarli qilish muhim. Shunda qarshilik ham yo‘qoladi.
Masalan, mahsulotlarga RFID-belgilar (mahsulotni avtomatik identifikatsiya qilish va u haqidagi ma’lumotlarni tizimga uzatish imkonini beradi — Digital Business izohi) o‘rnatdik, ombor kirish qismiga esa RFID-o‘quvchi qurilmalar joylashtirdik. Mahsulotlar o‘qish zonasidan o‘tganda, qurilma belgini avtomatik ravishda taniydi va ma’lumotlarni tizimga uzatadi. Xodimlarga hech narsani qo‘lda kiritish shart emas.

Shuningdek, ayrim xodimlar AURA OS’ni joriy etish jarayonini ataylab cho‘zgan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, ular qo‘shimcha funksiyalar qo‘shishni so‘rashgan va ushbu funksiyalarsiz mahsulotdan foydalanishdan bosh tortishgan. Keyinchalik tushundikki, ularning ayrimlarida biznes ichida yashirin sxemalar bo‘lgan va ishlab chiqarish jarayonlari to‘liq shaffof bo‘lishi ularga shunchaki manfaatli emas edi.
Vaqt o‘tishi bilan tizimni muvaffaqiyatli joriy etish faqat texnologiyaga bog‘liq emasligini tushundik. Xodimlar tizim ularga ham nima uchun foydali ekanini tushunishlari kerak. Kompaniya operatsion yo‘qotishlarni kamaytirib, pul oqimini yaxshilaganda, xodimlar ko‘proq barqarorlikka, ish haqining kechiktirilmasdan to‘lanishiga ega bo‘ladilar, ayrim hollarda esa o‘zlari yaratishga yordam berayotgan foydani taqsimlashda ishtirok etishlari mumkin.
Shuning uchun biz AURA OS’ni shunchaki monitoring vositasi sifatida emas, balki butun kompaniyani yagona tizimga birlashtira oladigan platforma sifatida ko‘ramiz.
“4 yil davomida AURA OS’ni ishlab chiqishga taxminan $1,7 mln sarmoya kiritdim”
– AURA OS’ni o‘z korxonangizga joriy etish qancha turadi?
– Narx kompaniya hajmi, foydalanuvchilar soni va raqamlashtirish kerak bo‘lgan operatsion jarayonlarga bog‘liq. Yirik kompaniyalarda joriy etish qiymati odatda yiliga taxminan $30 mingdan $250 minggacha bo‘ladi.

– Daromad olishga muvaffaq bo‘lyapsizmi?
– Albatta. Tabiiyki, cash flow bilan bog‘liq muammolar bo‘lib turadi: pul mijozlarda yoki boshqa jarayonlarda qolib ketishi mumkin, biroq bir-ikki oy ichida kompaniyaga qaytib keladi. Biznes har qanday holatda ham foydali bo‘lib qolmoqda.
– Loyihani qanday mablag‘lar hisobidan rivojlantirdingiz?
– 2019-yildan 2022-yilgacha AURA OS’ni ishlab chiqishga taxminan $1,7 mln sarmoya kiritdim. Bu o‘z mablag‘larim, shuningdek, kompaniya aylanmasidan olingan mablag‘lar edi.
Shu bilan birga, yaqin vaqtgacha bizga investorlar va venchur fondlarining mablag‘lari kerak emas, deb hisoblab kelardim. Biroq Astana Hub va Google for Startups’ning Silkway Accelerator dasturida ishtirok etish davomida fikrimni o‘zgartirdim.
– Nima uchun?
– Birinchidan, akselerator davomida biznesdan chiqishning mumkin bo‘lgan yo‘li bo‘yicha reja ishlab chiqdim. Kompaniya men ishdan chetlasam yoki uni umuman sotishga qaror qilsam ham faoliyatini davom ettira olishini va parchalanib ketmasligini xohlayman. Bunday holatda institutsional investor yoki kuchli biznes-farishtadan mablag‘ jalb qilish biz uchun foydali bo‘lishi mumkin. Investitsiya — bu faqat pul emas. Avvalo, ular kompaniyaning bozor qiymatini aniqlash, uning investitsion tarixini shakllantirish va kelajakda potensial xaridorlarga chiqish imkonini beradi.
Ikkinchidan, hozir xorijiy bozorlarga chiqyapmiz, nufuzli investorlarning loyihada ishtirok etishi esa ko‘lamni kengaytirishni tezlashtirishga yordam beradi.

– Qaysi davlatlarni ko‘rib chiqyapsiz?
– Buyuk Britaniya, Janubi-Sharqiy Osiyo, Turkiya va ishlab chiqarish sohasi rivojlanayotgan boshqa bozorlarga yo‘naltirilganmiz. Hozir bizda qariyb 60 ta potensial mijoz bor. Buyuk Britaniya va Indoneziyadagi ayrim kompaniyalar bilan umumiy qiymati taxminan $500 ming bo‘lgan shartnomalar bo‘yicha LOI — niyat xatlarini imzoladik.
– Siz, shuningdek, Astana Hub va Silicon Valley’dagi Silkroad Innovation Hub’ning AlchemistX & Silicon Valley Residence dasturida ishtirok etish uchun ham tanlandingiz. AURA OS Amerika bozoriga ham chiqyaptimi?
– AQShda korporativ savdoni yo‘lga qo‘yish uchun mahsulotni shunchaki ingliz tiliga tarjima qilishning o‘zi yetarli emas. Mahalliy xarid jarayonlari, qaror qabul qilish tuzilmasi, kompaniyalarning xavfsizlikka qo‘yadigan talablari, shuningdek, yirik sanoat korxonalari dasturiy ta’minotni qanday tanlashi va joriy etishini tushunish muhim. Alchemist dasturidagi ishtirokimiz AQSh bozoriga chiqish strategiyamizni moslashtirish va u yerdagi faoliyatimizni bosqichma-bosqich mustahkamlash imkonini beradi.

– AURA OS’ning yaqin yillardagi rejalari qanday?
– Asosiy maqsadimiz — AURA OS’ni korxonalarni boshqarish uchun global operatsion SI-tizimga aylantirish. Xaridlar va xomashyodan tortib ishlab chiqarish, zaxiralar, savdo, moliya, aylanma mablag‘lar va boshqaruv qarorlarini qabul qilishgacha bo‘lgan butun operatsion zanjirni qamrab olishni istaymiz.
Yaqin yillarda dunyoning eng yirik ishlab chiqarish bozorlariga chiqishni rejalashtiryapmiz. Ishlab chiqarish kompaniyalarining muammolari qayerda joylashganidan qat’i nazar, deyarli bir xil va bizning tizimimiz ularni hal qilishga yordam bera oladi.
Markaziy Osiyo boy tarixga ega. Bu yerda buyuk insonlar yashagan, asrlar davomida savdo va madaniy yo‘llar kesishgan. Endi yangi, texnologik davrda mintaqaga ana shu rolni qaytarishni xohlayman.