O‘zbekistonlik tadbirkorlar dasturchilar uchun SI-servisga $300 ming sarmoya kiritib, AQSh bozoriga chiqdi

Abdullo Hidoyatov va Azizbek Bahodirov bir necha yil davomida Udevs autsorsing kompaniyasini rivojlantirdi. Keyinchalik esa Ucode — SI yordamida ilovalarning backend qismini yaratish va o‘zgartirishga yordam beradigan platformani ishga tushirishdi. Loyihaga Udevs kompaniyasining foydasidan taxminan $300 ming sarmoya kiritildi. Hozir servisdan qariyb 30 ta korporativ mijoz haq evaziga foydalanmoqda, MRR esa $5 mingni tashkil etadi.

Digital Business va Astana Hub’ning “Markaziy Yevrosiyoning 100 ta startap tarixi” qo‘shma loyihasi uchun Abdullo Hidoyatov mahsulotni nega bir necha yil davomida ommaviy bozorga chiqarishga jur’at qilmagani va Kremniy vodiysiga qilgan safari nimalarni o‘zgartirgani haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, jamoaning AQSh bozoriga chiqishi hamda Hindiston va Pokistonda faoliyat ko‘lamini kengaytirish rejalari haqida suhbatlashdik.

“Bitta detalni almashtirish uchun bir yarim yillik mehnatni bekor qilishga to‘g‘ri kelardi”

– Abdullo, startap yaratishdan avval nima bilan shug‘ullangansiz?

– Taxminan 8 yil davomida turli loyihalarda dasturchi bo‘lib ishladim. Masalan, Toshkentdagi onlayn taksi buyurtma qilish xizmati MyTaxi’da 5 yil faoliyat yuritdim. Oddiy dasturchidan jamoa rahbarigacha, keyin esa CTO va CEO lavozimigacha ko‘tarildim.

2020-yilda Azizbek Bahodirov bilan birgalikda Udevs autsorsing kompaniyasiga asos soldik. Sayt va ilovalar yaratish bo‘yicha buyurtmalar ola boshladik. Taxminan yuzinchi loyihaga kelib, vaqtimizning juda katta qismi yangi mahsulot yaratishga emas, balki tayyor tizimlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanayotganini tushundik: tizimlarga doim nimanidir o‘zgartirish yoki yangi funksiyalar qo‘shish kerak bo‘lardi.

– Ucode g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi?

– Bu g‘oya ikki loyihani amalga oshirish jarayonida jiddiy muammolarga duch kelganimizdan keyin tug‘ilgan. Mijozlarimizdan biri Toshkentdagi yirik qandolatxonalar tarmog‘i – Sofia edi. Hozir kompaniyaning 150 ga yaqin filiali va 4 mingdan ortiq xodimi bor. 2023-yilda ular bizga butun tarmoqdagi xodimlar bilan ishlash jarayonlarini avtomatlashtirish uchun HRMS tizimini ishlab chiqishga buyurtma berishdi.

Loyihani ishlab chiqishga qariyb bir yarim yil sarfladik. Shu vaqt ichida biznesning ehtiyojlari o‘zgardi: endi xodimlarni butun kompaniyaga emas, balki muayyan filialga biriktirish imkoniyati kerak bo‘lib qoldi. Bunday kichik o‘zgarishni kiritish uchun esa bir yarim yillik mehnatimizni deyarli boshidan boshlashimiz, kodni qaytadan yozishimiz kerak edi. Natijada loyihani yakunlashdan voz kechishga majbur bo‘ldik.

Ikkinchi muvaffaqiyatsiz loyiha mahalliy klinikaning bir nechta filiallari uchun tizim ishlab chiqayotganimizda yuz berdi. Keyinchalik bu tizimdan foydalanish shifokorlar uchun noqulay ekanini aniqladik. Interfeysni qayta ishlash esa juda ko‘p vaqt talab qilardi. Mijoz buning uchun qo‘shimcha haq to‘lashni istamadi, biz esa ishni bepul qayta bajarishga imkonimiz yo‘q edi.

Shu jarayonda bir narsani tushundik: katta loyihalarni ishlab chiqishda dasturchilar uchun eng murakkab vazifalardan biri – arxitekturaga o‘zgartirish kiritish, ya’ni mavjud tizimning mantiqi va tuzilmasini qayta ko‘rib chiqish. Ucode’ni ishga tushirish g‘oyasi ham aynan shu muammoni hal qilish ehtiyojidan kelib chiqdi.

– Ucode qanday ishlaydi va u foydalanuvchiga aynan nimalarni qilish imkonini beradi?

– Dastlab Ucode’ni o‘zimiz uchun yaratgan edik. Maqsadimiz har bir yangi sayt yoki ilova uchun backend’ni noldan ishlab chiqmaslik va keyinchalik uni qayta moslashtirishga ko‘p vaqt sarflamaslik edi.

Ucode’da dasturchi odatda noldan yaratishi yoki alohida sozlashi kerak bo‘lgan asosiy komponentlarning barchasi tayyor: autentifikatsiya, kirish huquqlarini boshqarish, ma’lumotlar bazalari, API, backend funksiyalari va boshqa vositalar. Ularni loyihaning ehtiyojlariga qarab birlashtirish va sozlash, keyinchalik zarurat tug‘ilsa o‘zgartirish ham mumkin.

– Ucode’ni ishlab chiqishni qachon boshladingiz va ishlaydigan versiyasini yaratish uchun qancha vaqt kerak bo‘ldi?

– Ishlarni taxminan 2024-yilda boshladik. Oradan yarim yil o‘tib, MVP tayyor bo‘ldi. Sinab ko‘rish uchun saytga kirish imkoniyatini barcha do‘stlarimiz va tanishlarimizga berdik. Ana shunda dastlabki xatolar ham birin-ketin ko‘rina boshladi.

Tizim ba’zan so‘rovlarni noto‘g‘ri qayta ishlab, foydalanuvchiga “500 xatosi”ni ko‘rsatardi. Bundan tashqari, katta yuklamaga ham yaxshi bardosh bera olmasdi. Keyinchalik interfeys muammosi yuzaga keldi. Men dasturchi sifatida jadval yoki yangi maydonni qayerga qo‘shish kerakligini yaxshi tushunardim, biroq yaratilgan tizim bilan keyinchalik ishlaydigan kompaniya xodimlari, masalan, moliyachilar yoki administratorlar uchun interfeysni tushunish ancha qiyin edi. Shu sababli UX’ni ham alohida qayta ishlab chiqishga to‘g‘ri keldi.

Xatolarni bosqichma-bosqich tuzatib bordik va taxminan bir yil o‘tib Ucode uni sotish mumkin bo‘lgan darajada barqaror ishlay boshladi.

“Odamlarga funksiyalari haddan tashqari ko‘p bo‘lgan mahsulot emas, o‘z muammosini hal qiladigan tayyor yechim kerak”

– Dastlabki bosqichlarda Ucode’dan kimlar foydalangan?

– Avvaliga platformadan o‘zimiz foydalandik. 2025-yil boshidan Ucode yordamida Udevs uchun qariyb beshta loyiha yaratdik. Masalan, CRM tizimlaridan birini taxminan 2 haftada ishlab chiqdik. Shunga qaramay, o‘sha paytda mahsulotni keng ommaga chiqarish haqida o‘ylashga hali erta edi.

– Nima uchun bunday fikrga keldingiz?

– Men mahsulot hali mukammal emas, deb o‘ylardim: doim yangi funksiyalar qo‘shish, mavjudlarini esa yanada yaxshilash uchun nimadir topilardi. Bu holat 2025-yil sentyabrigacha davom etdi. O‘sha paytda Silicon Valley Residency dasturi ishtirokchisi sifatida AQShga bordim. Dasturni Astana Hub, Silkroad Innovation Hub, IT Park Uzbekistan va Alchemist Accelerator hamkorlikda o‘tkazgan.

Uch oy davomida investorlar va boshqa startaplar bilan muloqot qildim, Amerika bozorini o‘rgandim. Menimcha, hali xom bo‘lgan loyihalar ham $100 ming va undan ortiq investitsiya jalb qilayotganini ko‘rdim. Shunda asosiy masala g‘oyani to‘g‘ri taqdim eta bilish va aytgan gaplaring uchun javob bera olish ekanini tushundim.

Bekorga mukammal vaqtni kutganimni angladim. Agar o‘tmishga qaytish imkonim bo‘lganida, eng avvalo mahsulotni sotishni boshlagan bo‘lardim. Minimal MVP’ni yaratib, mijozga: “Avval to‘lovni qiling, qolganini keyin bosqichma-bosqich takomillashtiramiz”, degan bo‘lardim.

Dekabr oyida Toshkentga qaytganimdan so‘ng, hamkorim bilan yana kod yozishga kirishdik.

– Ucode’ni qanday o‘zgartirishga qaror qildingiz?

– Ma’lum bo‘lishicha, odamlarga funksiyalari haddan tashqari ko‘p bo‘lgan mahsulot emas, balki o‘z muammosini hal qiladigan tayyor yechim kerak ekan. 2-3 hafta ichida Ucode’da foydalanuvchilarga platformada osonroq yo‘l topishga yordam beradigan shablonlar – CRM, HRMS, Task Manager va moliyaviy vositalarni yaratdik. 2026-yil boshida foydalanuvchilar soni o‘sishni boshlagach, SI yordamchisini ham qo‘shishga qaror qildik.

“Bitta loyihani yaratish uchun SI xarajatlari $1800 gacha yetardi”

– Ucode’ga SI’ni qanday joriy qildingiz?

– Sun’iy intellektni sozlash uchun taxminan 3 oy vaqt sarfladik. Shu davrda bir nechta muammoga duch keldik. Ulardan eng asosiylaridan biri tokenlar uchun xarajatlar edi. Agar barcha vazifalar uchun bitta kuchli modeldan foydalansak, xarajatlar juda katta bo‘lib ketardi. Bir loyihaning o‘zida faqat tokenlar uchun qariyb $1,8 ming sarflaganimiz ham esimda.

Shuning uchun vazifalarni bir nechta model o‘rtasida taqsimlashga qaror qildik. Murakkab rejalashtirish va arxitektura bilan bog‘liq vazifalarni Claude’ga berdik, nisbatan sodda vazifalar uchun esa boshqa, arzonroq modellardan, jumladan GPT-5 va Gemini’dan foydalana boshladik. Shu orqali xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirdik.

Ammo tez orada yana bir muammoga duch keldik: turli modellar bir-birining xotirasi va kontekstidan foydalana olmasdi. Yangi SI modeli ishga kirishganda loyihada nimalar amalga oshirilgani va undan oldin qanday qarorlar qabul qilinganini tushunishi kerak edi. Shu sababli har bir o‘zgarishni hujjatlashtira boshladik: loyiha dizayni, foydalanilayotgan texnologiyalar va guideline’larni – ya’ni buzish mumkin bo‘lmagan qoidalarni alohida yozib bordik. Model almashtirilganda, yangi model avval shu hujjatlarni o‘qib chiqadi, shundan keyingina ishni davom ettiradi.

Yana bir muammo SI muayyan bozor uchun mos kelmaydigan yechimni taklif qilganida yuzaga kelardi. Masalan, O‘zbekistondagi loyihalardan biri uchun neyrotarmoq Stripe’ni ulashni taklif qildi, holbuki bu servis O‘zbekiston kompaniyalaridan to‘lovlarni qabul qilishni qo‘llab-quvvatlamaydi. Shundan so‘ng turli hududlar uchun alohida cheklovlar va tavsiyalarni ham belgilab qo‘ya boshladik.

– SI yordamchisi foydalanuvchi uchun nimalar qila oladi?

– Foydalanuvchi vazifani oddiy so‘zlar bilan tasvirlashi mumkin, SI yordamchisi esa uni mustaqil ravishda texnik topshiriqqa aylantirib, kerakli tuzilmani yaratadi. MVP’ni taxminan 15-20 daqiqada generatsiya qilish mumkin, biroq bu hali to‘liq tayyor mahsulot emas, uni keyinchalik yanada takomillashtirish mumkin. Bunda dasturchi generatsiya qilingan kodni, ma’lumotlar bazasi tuzilmasini va jadvallar o‘rtasidagi bog‘lanishlarni ko‘rib turadi hamda zarurat bo‘lsa, ularga o‘zi o‘zgartirish kiritishi mumkin.

Masalan, loyihalardan birida hozir 163 ta jadval va ular o‘rtasida 293 ta bog‘lanish mavjud. Bularning barchasini sun’iy intellekt yaratgan bo‘lsa ham, dasturchi tizim ichida nimalar sodir bo‘layotganini ko‘ra oladi va istalgan joyini qo‘lda o‘zgartirishi mumkin. Ya’ni SI “qora quti” kabi ishlamaydi – natija dasturchi uchun tushunarli va uni boshqarish imkoniyati saqlanib qoladi.

“AQShda investorlar xalaqit berishi emas, aksincha, yordam berishi mumkinligini ko‘rdim”

– Shu vaqtgacha Ucode’ni yaratishga qancha mablag‘ sarfladingiz?

– Loyihani tashqi investitsiyalarsiz, autsorsing kompaniyamiz Udevs’ning foydasi hisobidan rivojlantirdik. Aniq summani hisoblamadik, ammo butun davr mobaynida taxminan $200-300 ming sarmoya kiritdik. Bu mablag‘larni dividend sifatida o‘zimiz olishimiz mumkin edi, biroq buning o‘rniga Ucode’ni ishlab chiqishga yo‘naltirdik.

Umuman olganda, loyiha doim boshqa birovning puli hisobiga yashashiga to‘g‘ri keladigan yondashuvni unchalik yoqtirmayman. Bundan tashqari, hamma investorlar ham startaplar qanday ishlashini tushunavermaydi. Ba’zan ular o‘z qoidalarini o‘rnata boshlaydi: pulni qayerga sarflash mumkin, qayerga mumkin emas, nimalarni qilish mumkin, nimalarni esa yo‘q.

Shu bilan birga, AQShda investorlarning xalaqit berishi emas, aksincha, yordam berishi mumkin bo‘lgan boshqa yondashuvni ko‘rdim. Shuning uchun investitsiyadan ham voz kechmayapmiz. Hozircha mablag‘ kerak bo‘lganda, Udevs’da yana bir buyurtma olib, undan daromad qilamiz va shu hisobiga Ucode’ni rivojlantirishda davom etamiz.

– Ucode qanday daromad qiladi?

– SI joriy etilishidan oldin oyiga $300 evaziga belgilangan obuna tarifini sotardik. SI paydo bo‘lgach, tariflash tizimini o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi, chunki xarajatlar foydalanuvchi generatsiya uchun sarflaydigan tokenlar miqdoriga bog‘liq bo‘lib qoldi.

Hozir bepul tarif mavjud bo‘lib, u taxminan bitta generatsiya uchun yetadi. Bundan tashqari, pullik tariflar ham bor. Masalan, bazaviy tarif oyiga $33 turadi va 200 mingta SI-kreditni o‘z ichiga oladi – bu kichik loyihani MVP bosqichigacha yetkazish uchun taxminan yetarli. Zarurat bo‘lsa, tokenlarni alohida qo‘shimcha sotib olish ham mumkin.

Hozir bizda haq to‘layotgan 20-30 ga yaqin kompaniya bor, ulardan ikkitasi AQShdan. MRR taxminan $5 mingni tashkil etadi.

– Amerikalik mijozlarni qanday jalb qildingiz?

– Mijozlarni LinkedIn orqali izladik, Kremniy vodiysidagi turli tadbirlarda qatnashdik, potensial mijozlar bilan tanishdik, demo taqdimotlar o‘tkazdik va ularga Ucode’dan bepul foydalanish imkoniyatini berdik.

– Jamoada nechta odam bor?

– Hozir Ucode ustida doimiy ravishda 5 kishi ishlaydi. Men esa dasturlashdan ancha chetga chiqib, asosan savdo va marketing bilan shug‘ullanyapman.

– Ucode’ning kelgusi bir yildagi asosiy maqsadlari nimalardan iborat?

– Daromad bo‘yicha yil oxirigacha MRR’ni $10 mingga yetkazish va zararsizlik nuqtasiga chiqishni juda xohlaymiz. Keyingi yilda esa bu ko‘rsatkichni $100 minggacha oshirishni maqsad qilganmiz.

– Keyinchalik qaysi bozorlarda o‘sishni xohlaysiz va nega aynan shu bozorlarni tanladingiz?

– Hozir O‘zbekiston va AQShning ikki bozorida ishlayapmiz. Biroq AQShga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmayapmiz. Ko‘pi bilan Amerikada savdo bo‘limi faoliyat yuritadigan “sales house” ochishimiz mumkin. Dasturchilarni u yerga ko‘chirish niyatimiz yo‘q – Toshkentda bizga qulay, bu yerda yashash xarajatlari ham ancha past. Yagona muammo – vaqt zonalari o‘rtasidagi farq, ammo buni hal qilish mumkin.

Tajriba tariqasida Pokiston, Bangladesh va Hindiston bozorlarida ham ish boshladik. Natijada qariyb 200 nafar qiziqqan foydalanuvchi topildi: ular hech qanday maxsus ta’lim olmasdan, tizimga mustaqil kirib, loyiha yaratib ko‘rishdi. Bu bozorlarda talab borligi ma’lum bo‘ldi, shuning uchun ushbu mamlakatlarda faoliyatimizni yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz.