O‘zbekistonlik qiz $67 ming sarmoya kiritib, liderlik ko‘nikmalarini rivojlantirish platformasini yaratdi

Nadejda Ni startap sohasidagi faoliyatini 2019-yilda Growy loyihasi bilan boshlagan. B2C formatidagi ushbu servis “muvozanat g‘ildiragi”, ya’ni foydalanuvchiga hayotining turli jabhalarini tahlil qilish, ulardagi muammoli jihatlarni aniqlash va ularni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar olishga yordam bergan. Keyin delegatsiya qilish uchun B2B yechim, bir nechta akseleratsiya dasturlari va yuzlab kastdevlar bo‘ldi. AlchemistX dasturi yakunlari bo‘yicha Nadejda AQShda kompaniya tashkil etdi va yangi mahsulot — ttune.ai’ni ishga tushirdi. Bu onlayn qo‘ng‘iroqlarni tahlil qilib, rahbarga to‘rtta liderlik parametri bo‘yicha uning qobiliyatlari qay darajada rivojlanganligi haqida fikr-mulohaza beradigan vosita. So‘nggi 9 oy ichida Nadejda mahsulotga $67 ming sarmoya kiritdi.

Astana Hub va Digital Business’ning “Markaziy Yevroosiyoning 100 ta startap tarixi” loyihasi uchun Nadejda loyihaning dastlabki versiyalarida nima noto‘g‘ri bo‘lganini, ttune.ai g‘oyasi qanday paydo bo‘lganini va nima uchun mijozlar sonini ko‘paytirishga ataylab shoshilmayotganini so‘zlab berdi.

“Odamlarga baxtliroq bo‘lishga yordam bermoqchi edik”

– Nadejda, startap yaratishdan avval nima bilan shug‘ullangansiz?

– Mutaxassisligim filologiya. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston davlat pedagogika universitetining koreys tili va adabiyoti fakultetini tamomlaganman. Hali 1-kursda o‘qib yurganimdayoq prezident tarjimoni bo‘lishni xohlashimni aytganman. Oxir-oqibat bu orzumga ancha yaqinlashdim: hukumat vakillari ishtirokidagi xalqaro uchrashuvlarda koreys tilidan tarjimonlik qildim. Janubiy Koreya va O‘zbekiston hukumatlari vakillariga, shuningdek, BMT Bosh kotibi bo‘lgan davrida diplomat Pan Gi Munga tarjimonlik qilganman.

Keyinchalik o‘z biznesimni boshlash g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bu men uchun oson vazifa emasdi, chunki bu borada hech qanday tegishli tajribam yo‘q edi. Shunga qaramay, ko‘p o‘tmay hamkorlarim bilan birgalikda O‘zbekistondagi ilk robototexnika maktabi – Robokidzni ochdik. 2020-yilda undan chiqib ketdik. Shundan so‘ng yana bir qator bizneslarga asos soldim. Ulardan biri – Growy loyihasi.

– Loyihaning dastlabki versiyasi qanday edi?

– Dastlab Growy’ni sobiq hamkasblarim va do‘stlarim bilan hamkorlikda yaratdik. Odamlarga baxtliroq bo‘lishga yordam bermoqchi edik. Loyiha saytida foydalanuvchi anketa to‘ldirardi va o‘ziga mos “hayot balansi g‘ildiragi”ni olardi. Unda qaysi sohalarda muammo borligini ko‘rish va ularni yaxshilash uchun kerakli vositalar bilan tanishish mumkin edi.

Loyihani COVID-19 pandemiyasi boshlanishidan 5 oy oldin ishga tushirdik. Karantin boshlanganida savdolar 5 baravar oshdi. Platformadan 16 ta mamlakatdan 5 ming kishi foydalangan vaqtlar ham bo‘lgan.

Biroq ko‘p o‘tmay, bu mahsulotning LTV (bitta mijoz kompaniya bilan hamkorlik qilgan butun davr davomida keltiradigan umumiy daromad yoki tushum ko‘rsatkichi – Digital Business izohi) ko‘rsatkichi juda past ekanini tushundik. Odamlar xizmatdan 2-3 oy foydalanib, keyin unga qaytib kelishmasdi.

– Bu muammoni qanday hal qildingiz?

– B2B yo‘nalishiga o‘tdik va vazifalarni delegatsiya qilish uchun vosita yaratdik. U kouching tamoyili asosida ishlardi: rahbar topshiriqni xodimga berardi, xodim esa bizning servisimiz yordamida vazifani bosqichlarga ajratib, uni qanday qilib yaxshiroq bajarish haqida mustaqil ravishda o‘ylab ko‘rishi mumkin edi. Bu ishni ortga surish odatini kamaytirishga yordam berardi.

Ammo bu mahsulotning ham imkoniyatlari tugadi. Sun’iy intellekt jadal rivojlana boshladi, biz foydalanayotgan yechimga qaraganda, yangi SI vositalari bu vazifani samaraliroq bajara olishi ayon bo‘ldi.

Bundan tashqari, hamkorlarim ham navbatma-navbat operatsion boshqaruvdan chiqib ketishdi. Men esa startap sohasiga qiziqib qoldim va loyihaga yana bir imkoniyat berishga qaror qildim.

– Qanday qilib?

– Bir nechta akseleratsiya dasturlarida qatnashdim. Markaziy Osiyodagi ayol asoschilar uchun venchur fond Plug and Play tomonidan tashkil etilgan FoundHER dasturiga kirdim. Ishtirokchilar orasida top-5 talikka kirdim va Kremniy vodiysiga bordim. Keyinchalik Plug and Play Uzbekistan dasturida qatnashdim. Bu dastur menga tadbirkorona fikrlashdan startapchi sifatida fikrlashga o‘tishga yordam berdi.

Qaytganimdan so‘ng Growy’ni shunchaki biznes-loyiha sifatida emas, balki startap sifatida rivojlantira boshladim: gipotezalarni tekshirish, potensial mijozlar bilan intervyular o‘tkazish va mahsulotni tezroq o‘zgartirishga kirishdim.

AQShdagi AlchemistX akseleratsiya dasturiga saralovdan o‘tdim. Ushbu dastur Astana Hub tomonidan IT Park Uzbekistan, Silkroad Innovation Hub va AQShning Alchemist Accelerator kompaniyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan. Akseleratsiya dasturi bunchalik individual yondashuv asosida tashkil etilgan bo‘lishini kutmagandim. Har bir ishtirokchiga mentor biriktirilgan, haftada bir marta uchrashuvlar o‘tkazilib, loyihaning rivojlanishi muhokama qilinardi. Dastur AQSh bozorining qanday ishlashini yaxshiroq tushunishimga va kerakli, sifatli aloqalarni yo‘lga qo‘yishimga juda katta yordam berdi.

AlchemistX dasturi davomida bir qator kastdevlar o‘tkazdim. Natijada mutlaqo yangi mahsulot – ttune.ai paydo bo‘ldi. AQShda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazdim.

“Xodimlar kamdan-kam hollarda kompaniyadan ketadi. Ko‘pincha ular yomon rahbarlik sabab ishdan bo‘shaydi”

– Hozir ttune.ai qanday imkoniyatlarni taklif qilmoqda?

– ttune.ai – liderlik xulq-atvorini rivojlantirish platformasi bo‘lib, onlayn qo‘ng‘iroq davomida suhbat mazmunini tahlil qiladi va rahbarga uning liderlik qobiliyatlari qay darajada rivojlanganligi haqida fikr-mulohaza beradi. Buning uchun alohida ilova o‘rnatish shart emas – yordamchi Zoom’dagi qo‘ng‘irog‘ingizga ulanadi.

Qo‘ng‘iroqdan so‘ng menejer o‘z kompetensiyalarining kompleks bahosini to‘rtta parametr: hozirgi vaziyatda bo‘lish, ishonch, yo‘nalish va tashabbus bo‘yicha oladi. Masalan, tizim rahbarning o‘zi qancha vaqt gapirgani va suhbatdoshini qancha vaqt tinglaganini, suhbat davomida ishonchga asoslangan muhit yarata olgan-olmaganini, shuningdek, rahbarning qanchalik tashabbuskor ekanini ko‘rsatadi.

Xuddi shu xodim bilan keyingi suhbatni boshlashdan oldin menejerga tavsiyalar beriladi. Masalan, ko‘proq ochiq savollar berish, suhbatdoshning gapini bo‘lmaslik tavsiya qilinadi. Shuningdek, rahbar o‘z jamoasidagi xodimlar bilan o‘tkazilgan barcha onlayn suhbatlar asosida umumiy liderlik ko‘rsatkichini ham ko‘rishi mumkin. Ko‘rsatkich pasayishini dastlabki bosqichlardayoq payqash va tegishli choralarni ko‘rish mumkin.

– Nima uchun bunday servisga ehtiyoj bor?

– Bu, avvalo, xodimlarning kompaniyada uzoq qolmasligi va ruhiy jihatdan holdan toyishi bilan bog‘liq. Odatda xodimlar kompaniyaning o‘zidan emas, ko‘proq rahbarlikdagi muammolar sabab ketadi. Rahbar uchun esa xodimlardan ochiq fikr olish har doim ham oson emas: ular boshliq bilan munosabatlari buzilishidan qo‘rqishi, u bilan bahslashishni istamasligi yoki shunchaki rahbarining zaif tomonlarini yuziga aytishga jur’at eta olmasligi mumkin. ttune.ai rahbarga o‘z xatti-harakatlariga chetdan nazar tashlash va real suhbatlar misolida qayerda muammo yuzaga kelayotganini ko‘rish imkonini beradi. HR-mutaxassislar va top-menejerlar esa kompaniya bo‘yicha anonimlashtirilgan tahliliy ma’lumotlarni ko‘rishlari mumkin. Masalan, jamoalarda liderlik va “soft skills” ko‘rsatkichlari qanday o‘zgarayotgani, xodimlarda ruhiy holdan toyish belgilari kuchayayaptimi yoki kamaymoqdami – bularning barchasini kuzatish mumkin.

– Sizning odatiy mijozingiz kim?

– Mahsulot korporativ madaniyati va biznes jarayonlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan kompaniyalar uchun ayniqsa foydali. Shuningdek, xodimlari 100 nafardan ortiq bo‘lgan va boshqaruvning bir nechta darajasi mavjud bizneslar ham bizning mijozlarimiz qatoriga kiradi. Bundan tashqari, uchrashuvlarning kamida 70 foizi onlayn formatda o‘tishi muhim.

– Dastlabki mijozlarni qayerdan topdingiz?

– Tanish-bilishlar va og‘zaki tavsiyalar yordam berdi. Do‘stlarim orasida tadbirkorlar ko‘p. Bir necha yil oldin O‘zbekiston Koreys tadbirkorlar klubi — Koryoin’ga prezidentlik qilganman. Dastlab ko‘plab tanish kompaniyalarga pilot versiyani sinab ko‘rishni taklif qildim, ularning fikr-mulohazalarini yig‘dim va faqat bir necha oy o‘tgach tijoriy hamkorlikni boshladim.

– Siz uchun qaysi bozorlar eng qiziqarli?

– Bitta hudud bilan cheklanib qolmaslikka qaror qildik. Dastlab AQSh bozorini ko‘zlagandik. Ammo AlchemistX dasturida qatnashish davomida Amerika bozoriga e’tibor qaratish AQShga ko‘chib o‘tishni anglatishini tushundim. Hozircha bunga tayyor emasdim, shuning uchun ttune.ai hal qilayotgan muammo boshqa mamlakatlarda ham dolzarb ekanini tekshirib ko‘rishga qaror qildim.

Khan Tengri Innovation Hub akseleratsiya dasturida Shanxayda qatnashdim, Xitoy bozorini o‘rgandim, keyin esa Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab biznes safariga chiqdim. Natijada boshqaruv sifati bilan bog‘liq muammo turli bozorlarda ham mavjudligini angladim. Masalan, AQShda rahbarlar almashinuvi kompaniyalarga ayniqsa qimmatga tushadi: Gallup hisob-kitoblariga ko‘ra, menejer yoki rahbarning o‘rnini bosish kompaniyaga uning ikki yillik maoshiga yaqin mablag‘ga tushishi mumkin.

Boshqa mamlakatlarda bu sababli yuzaga keladigan yo‘qotishlar kamroq bo‘lishi mumkin, ammo muammoning o‘zi hamon dolzarb. Shu sababli mahsulotimizni qaysi mamlakatda ishlatilishidan qat’i nazar, foydalanish mumkin bo‘lgan tarzda yaratishga harakat qilyapmiz.

– Hozir ttune.ai’ning nechta mijozi bor?

– Hozircha bizda atigi 3 ta haq to‘layotgan mijoz bor: Janubiy Koreyadagi logistika tashkiloti, xalqaro riteyl kompaniyasi va O‘zbekistondagi universitet.

Dastlabki uchta mijozimiz kerakli natijaga erishganiga ishonch hosil qilmagunimcha, shartnomalar sonini ataylab ko‘paytirmayapman.

“Yaqinda ilk angel investitsiyani oldim”

– Sizning biznes modelingiz nimadan iborat?

– Biz obuna modeli asosida ishlaymiz, narx servisdan foydalanadigan qo‘ng‘iroqlar va foydalanuvchilar soniga bog‘liq.

– Daromad qilishga erishyapsizmi?

– Oxirgi MRR $5600ni tashkil etdi. Biroq asosiy xarajatlardan keyin qolgan barcha mablag‘ni yana loyihaga investitsiya qilaman.

– Startapni qaysi mablag‘ hisobidan rivojlantirdingiz?

– ttune.ai faoliyatining 9 oyi davomida loyihaga $67 ming sarmoya kiritdim. Avval olgan barcha daromadlarimni ham qayta loyihaga yo‘naltirdim. Biroq yaqinda ilk bor $15 minglik angel investitsiya oldim. Bu mablag‘ jamoani kengaytirishga sarflanadi.

– Sizdan tashqari ttune.ai ustida yana kimlar ishlaydi?

– Hozir jamoamiz kichik, atigi 3 kishidan iborat. O‘zbekistonda faoliyat yuritamiz.

“Odatda shuncha pivotdan keyin startaplar omon qolmaydi”

– Shu yillar davomida turli bizneslarni ishga tushirdingiz, Growy loyihasini bir necha bor o‘zgartirdingiz va qator akseleratsiya dasturlarida qatnashdingiz. Oxir-oqibat startapni qanday qurish kerakligi haqida nimalarni tushundingiz?

– Loyiha ishga tushganidayoq daromad keltira boshlashi kerakligiga amin bo‘ldim. Bir kun kelib loyiha muvaffaqiyat qozonadi va kiritilgan investitsiyalar o‘zini oqlaydi degan umidda mahsulotni investorlar mablag‘i hisobidan rivojlantirishga tayyor emasman. Men uchun startap real muammoni qanday hal qilayotgani va bundan qanday daromad olish mumkinligini tushunish muhim.

Shuni angladimki, o‘z biznesing insonni har qanday vaziyatga bardoshli qiladi. Odatda shuncha pivotdan keyin loyihalar omon qolmaydi. Albatta, o‘zimni ham, jamoani ham moliyaviy jihatdan ta’minlash oson bo‘lmadi. Ammo butun hayotim menga muvaffaqiyatga erishish uchun taslim bo‘lmaslik, yana va yana urinib ko‘rish kerakligini ko‘rsatdi. Men ortiqcha kuch-g‘ayrat talab qiladigan vazifalarga allaqachon ko‘nikib qolganman. Men uchinchi avlod koreysiman, rus tilida gaplashaman va O‘zbekistonda yashayman. Ya’ni Koreya uchun yetarlicha koreys emasman, O‘zbekiston uchun yetarlicha o‘zbek emasman, biznes uchun yetarlicha erkak emasman, an’anaviy tushunchadagi ayolga ham to‘liq mos kelmayman. Shu sababli boshqalarga qaraganda 30 foiz ko‘proq ishlashim kerakligini angladim va bu men uchun mutlaqo odatiy hol.

Startapdagi faoliyatim davomida ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydim. Masalan, ba’zan biror g‘oyaga haddan tashqari berilib ketib, ishlamaydigan gipotezaga juda ko‘p vaqt sarflashim mumkin edi. Undan o‘z vaqtida voz kechish o‘rniga, muammo auditoriyada deb o‘zimni ishontirardim. Startapda hamma narsa tezlik bilan bog‘liq, ba’zida esa menga aynan shu tezlik yetishmagan. Ammo men hali ham o‘rganishda davom etyapman.

– Kelgusi yil uchun qanday maqsadlarni belgilagansiz?

– Eng asosiy maqsadimiz – katta pilot loyihani muvaffaqiyatli yakunlash va savdoni tezlashtirish.

Rejalarimiz orasida yanada takomillashtirilgan tavsiyalar bera olish uchun tizimga intonatsiya va yuz ifodalarini tahlil qilishni o‘rgatish ham bor. Bir narsani aniq bilaman: bu mahsulotimizning so‘nggi versiyasi emas.

стартапы Astana Hub