AQShda startap yo‘lga qo‘yib, $2,7 million sarmoya oldi: Toshkentlik IT-tadbirkor Akmal Payziyev hikoyasi
Toshkentlik tadbirkor Akmal Payziyev biznes bilan 20 yildan ortiq shug‘ullanadi. Bu vaqt ichida u beshta kompaniyaga asos solgan, ularning ikkitasi bilan muvaffaqiyatli exit amalga oshirgan – ya’ni startaplarini yirik bozor o‘yinchilariga sotgan. Hozirda Akmal Numeo AI nomli yangi loyihani rivojlantirmoqda. Ushbu startap logistika va yuk tashish sohasiga ixtisoslashgan sun’iy intellekt agentlarini yaratadi. Katta tajribaga ega bo‘lishiga qaramay, bu yangi loyiha tadbirkor uchun ko‘plab jihatlarda butunlay yangi yo‘nalish hisoblanadi. Birinchidan, kompaniya AQShda ro‘yxatdan o‘tgan va faqat shu bozorga yo‘naltirilgan – ilgari Akmal o‘z faoliyatini faqat O‘zbekistonda olib borgan edi. Ikkinchidan, yangi yo‘nalish – butunlay boshqa soha, bunda startap bevosita yuk tashuvchilar bilan ishlaydi, ya’ni logistika zanjirining boshqa ishtirokchilari emas, aynan transport kompaniyalariga yordam beradi. Uchinchidan, loyiha sun’iy intellekt asosida ishlaydi – bu yo‘nalish hozirda jadal rivojlanayotgan bo‘lib, loyiha allaqachon venchur fond NFX tomonidan bir necha million dollarlik investitsiyani jalb qilgan.
Digital Business va Astana Hub hamkorligidagi “Markaziy Osiyoning 100 startap tarixi” loyihasi doirasida Akmal Payziyev Numeo AI rivojlanishi, AQShdagi logistika bozorining o‘ziga xosliklari va soha xodimlarining sun’iy intellektga nisbatan ishonchsizliklari haqida so‘zlab berdi. Uning ta’kidlashicha, AQShda yuk tashish bozorining umumiy hajmi 850 milliard dollarga baholangan. Shuningdek, suhbat davomida tadbirkor startapni Amerika bozorida kengaytirish rejalari bilan ham o‘rtoqlashdi.
“AQShda yuk tashish kompaniyalarining ko‘pi O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyodan borgan tadbirkorlar tomonidan tashkil etilgan”
— Avval nimalar bilan shug‘ullangansiz? IT sohasiga qanday kirdingiz?
— Men 20 yildan beri startaplarga asos solaman. Shu vaqt ichida to‘rtta yirik loyiha yaratganman va ularning ikkitasi bilan muvaffaqiyatli “exit” amalga oshirganmiz. Numeo AI – bu bizning beshinchi kompaniyamiz.
Bundan avval MaxTrack startapida telemetriya platformasini yaratganmiz, Express24 nomli oziq-ovqat yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yganmiz (keyinchalik uni Yandex’ga sotganmiz), shuningdek, MyTaxi – O‘zbekistonda korporativ tashishlar bo‘yicha yetakchi agregatorni tashkil etganmiz. Bundan tashqari, Workly loyihasini ishga tushirganmiz – bu kompaniyalardagi HR jarayonlarini avtomatlashtirishga mo‘ljallangan servis. Aytgancha, yaqinda biz Qozog‘istonning Clockster startapi bilan aktivlarni birlashtirishni e’lon qildik. Endilikda ular Workly mahsuloti va jamoasini o‘z boshqaruviga olib, barcha yo‘nalishni yagona brend ostida rivojlantiradi.
— Oziq-ovqat yetkazib berish, yo‘lovchi tashish, telemetriya – bularning barchasi logistika bilan chambarchas bog‘liq. Numeo AI g‘oyasi esa siz ilgari qilgan ishlarning mantiqiy davomi kabi ko‘rinadi. Ammo baribir: qanday qilib yangi loyihaga keldingiz?
— O‘tgan yili men AQShga ko‘chib o‘tdim va yangi kompaniya g‘oyasi ustida o‘ylay boshladim. Dastlab butunlay boshqa yo‘nalishdagi fikr paydo bo‘ldi – hattoki uni amalga oshirish ustida biroz ishlashga ham ulgurdik.
Avvaliga restoran biznesida xizmat sifatini optimallashtirishga qaratilgan loyiha ustida ishlamoqchi edik. Startap nomi SpeechSense edi. G‘oya – raqamli “supervayzor” yaratish edi. Oldingi kompaniyamda men qariyb yetti yil davomida restoranlar bilan hamkorlik qilganman va ularning ichki muammolarini yaxshi bilardim. Masalan, boshqaruv samaradorligi har doim ham ideal darajada emas edi, mijozlar bilan muloqot esa ko‘p hollarda inson omiliga bog‘liq bo‘lib qolardi. Shu paytda sun’iy intellekt bu jarayonda katta yordam berishi mumkinligi ayon bo‘ldi.
Biz xodimlar – ofitsiantlar, hosteslar va boshqalar mijozlar bilan muloqot qilayotganini “tinglaydigan” va tahlil qiladigan raqamli mikrofon tizimini yaratmoqchi edik. Sun’iy intellekt suhbat kontekstini, mijozning kayfiyati va shikoyatini aniqlab, xodimlar muammoni qanday hal qilganini baholay olardi. So‘ngra tizim biznesning umumiy faoliyatini va xizmat sifatini yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar berardi.
Ammo bir muammo paydo bo‘ldi. Agar siz yirik kompaniya qurmoqchi bo‘lsangiz, mahsulotingizni katta restoran tarmoqlariga sotishingiz kerak bo‘ladi. Shu yerda jiddiy to‘siq yuzaga keldi: mashhur brendlar o‘z obro‘siga putur yetkazishdan juda qo‘rqadi. “Restoranlar mijozlar suhbatlarini tinglayapti” degan sarlavhali har qanday maqola ular uchun jiddiy PR inqiroziga sabab bo‘ladi. Masalan, “Starbucks sizning suhbatlaringizni eshitmoqda” degan xabar butun brend obro‘siga katta zarar yetkazishi mumkin, hatto agar AI-agent barcha Amerika qonunlariga rioya qilayotgan bo‘lsa ham.
Bu biz uchun jiddiy to‘siq bo‘ldi. Gap shundaki, huquqiy jihatdan bunday holatdagi barcha masalalarni hal qilish mumkin. Ammo agar kompaniyalar obro‘ yoki imij sababli yechimni joriy etishga tayyor bo‘lmasa, ularning fikrini o‘zgartirish nihoyatda qiyin. Biz bu muammoga ayrim yirik restoran tarmoqlari bilan muzokaralar olib borgan paytimizda duch keldik.
Shu sababli bu g‘oyani hozircha chetga surdik va mavjud ishlanma hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini yana qayerda qo‘llash mumkinligi ustida o‘ylay boshladik. Natijada logistika sohasi biz uchun istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Bu yerda vaziyat boshqacha: biz “tinglash” bilan shug‘ullanmaymiz – AI-agent to‘g‘ridan to‘g‘ri bozor ishtirokchilari: yuk tashuvchilar, brokerlar, logistlar bilan muloqot qiladi.
Bizning asosiy g‘oyamiz – hozircha qo‘lda, sekin va samarasiz bajarilayotgan ish jarayonlarini optimallashtirishdan iborat. Masalan, minglab takliflar orasidan foydali yukni topish, tashish narxini yanada qulayroq qilish bo‘yicha muzokara olib borish. Bu jarayonlarda hozirning o‘zidayoq sun’iy intellekt yordam bera oladi, chunki u to‘liq raqamli xodimlarni yaratish imkonini beradi.
Yana bir muhim jihat shundaki, AQShda yuk tashish bilan shug‘ullanadigan ko‘plab kompaniyalar bor, ularni O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan borgan insonlar tashkil etgan. Bu esa bozorga kirishni yengillashtiradi va mijozlar bilan o‘zaro til topishishni osonlashtiradi.
— Siz logistika sohasida ba’zi jarayonlar samarasiz bo‘lishi mumkinligini aytdingiz. Bu nimada namoyon bo‘ladi va sun’iy intellekt agenti vaziyatni yaxshilashda qanday yordam beradi?
— Barcha jarayonlar inson omiliga bog‘liq, biz esa mukammal emasmiz. Masalan, ba’zida hissiyotlarga berilib, optimal bo‘lmagan qarorlar qabul qilamiz. Yoki ma’lumotlar yetarli bo‘lmaganda, to‘liq manzarani ko‘rmasdan, taxmin va farazlarga asoslanamiz.
Keling, misol keltiray: yuk mashinasi haydovchisi bo‘sh va Chikagoda buyurtma olishi mumkin. Takliflar jadvalini ochsangiz, minglab turli yuklarni ko‘rasiz. Endi savol: 20-30 daqiqa ichida bu qadar katta hajmdagi ma’lumotni qanday tahlil qilib, o‘zingiz uchun eng foydali va qulayini tanlaysiz? Har soniyada yangi variantlar paydo bo‘lib turadi. Shunday vaziyatda algoritmlar insondan ancha samaraliroq ishlaydi.
Biz katta hajmdagi ma’lumotlarni (Big Data) yig‘amiz va ular bilan sun’iy intellekt ishlaydi. U kontekstni tushunadi, muzokara olib boradi va logistlar hamda haydovchilar uchun yanada foydaliroq shartlarni himoya qila oladi.
“Ko‘pchilik odamlar hali ham sun’iy intellekt bilan yozishish yoki u bilan muloqot qilishdan cho‘chiydi”
— Numeo AI nimalardan iborat? Sizda qanday mahsulotlar bor va ular nimani anglatadi?
— Bizning kompaniya logistika uchun sun’iy intellekt agentlarini ishlab chiqadi. Boshqacha qilib aytganda – bu raqamli xodimlardir. Ular biznesni samaraliroq boshqarish va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Hozir bizda ikkita agent mavjud:
- Spot Finder – yuk tashish kompaniyalari uchun eng foydali buyurtmalarni topishga yordam beradi. Masalan, sun’iy intellekt agenti telefon orqali yoki elektron pochta yozishmalarida savdolashib, ma’lum mahsulotlarni tashish uchun eng qulay tariflarni olishi mumkin.
- Updater Agent esa – Spot Finder buyurtmani topib, tashuvchi uchun foydali shartlarni kelishib olgach, butun yetkazib berish jarayonini boshqaradi. Bu agent haydovchi, broker va dispetcher bilan aloqa o‘rnatib, butun jarayonni muvofiqlashtirib boradi.
— Yuk tashish sanoati juda ulkan, ehtimol, bozorning yirik o‘yinchilari allaqachon Numeo AI’ga o‘xshash narsalarni yaratish haqida o‘ylashgan. Bu borada raqobatchilaringiz bormi?
— Aynan biz yo‘naltirilgan segment, ya’ni yuk tashish kompaniyalari bilan ishlashga mo‘ljallangan yo‘nalish hozircha ancha bo‘sh. Umuman olganda, kuchli raqiblarni hozircha ko‘rmayapmiz. Birinchidan, sun’iy intellekt agentlari sohasi nisbatan yaqinda – taxminan bir yilcha oldin yoki biroz avval paydo bo‘lgan. Ikkinchidan, biz e’tibor qaratayotgan bozor nishasi juda bo‘linib ketgan, shu sababli u murakkab. Ko‘pchilik kompaniyalar yuk tashish kompaniyalari bilan emas, brokerlar tomoni bilan ishlashni maqsad qiladi. Bizning yo‘nalishimizda faoliyat yuritayotganlar esa odatda katta moliyalashtirish yoki resurslarga ega emas.
Shuning uchun, yaqin orada Numeo AI uchun jiddiy raqobatchilar paydo bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Hozircha ular juda kam.
— Sizda hozir nechta mijoz bor va dastlabki hamkorlik muzokaralari qanday kechdi? Mahsulot ularning ko‘pchiligi uchun yangilik, raqobatchilar yo‘q – kompaniyalarni hamkorlikka ishontirish oson bo‘ldimi?
— Hozirda Spot Finder xizmatidan qariyb mingta kompaniya foydalanmoqda, Updater Agent esa taxminan 60 ta mijozga ega. Muzokaralar masalasida esa hech qanday katta qiyinchilik bo‘lmadi. Masalan, biz hali tayyor mahsulotni chiqarmasdan turib ham mablag‘ oldik – sakkizta kompaniya 1 mingdan 3 ming dollargacha to‘lov qilgan. Biz mijoz og‘rig‘ini topdik va uni hal qilish yo‘lini aniq bilamiz. Shu bilan birga, kompaniyalar bizning bozorni va uning o‘ziga xos tomonlarini yaxshi tushunishimizni ko‘rishdi.
Ammo haqiqiy qiyinchilik – agentlarni mavjud infratuzilmaga joriy etish jarayonida bo‘ldi. Texnik jihatdan ham, xodimlar darajasida ham muammolar uchradi. Kompaniya egasiga yechim yoqsa ham, joylardagi odamlar yangi yondashuvni qabul qilishga tayyor emas – bu jarayon oson kechmaydi.
— Qanday qarshilik bo‘ldi? Odamlar sun’iy intellekt ularning o‘rnini bosishidan qo‘rqishdimi?
— Sabablari bir nechta. Avvalo, bizning mahsulotimiz mutlaqo yangi – yuk tashish sohasida ilgari bunaqasi bo‘lmagan. Ikkinchidan, hanuzgacha sun’iy intellektga ishonchsizlik mavjud. Masalan, dispetcher bunday yordamchiga ehtiyotkorlik bilan qarashi mumkin. Yuk tashish sohasi ancha konservativ bo‘lgani uchun, ko‘p odamlar hanuzgacha sun’iy intellekt bilan yozishish yoki u bilan muloqot qilishdan cho‘chishadi.
“Biz sarmoya izlab yurganimiz yo‘q edi – fondning o‘zi biz bilan bog‘landi”
— Numeo AI’ning biznes modeli qanday?
— Bizda obuna asosidagi model mavjud, biroq asta-sekin boshqa tizimga o‘tmoqchimiz, endi kelajakda har bir bitimdan foiz olishni rejalashtiryapmiz.
— Numeo AI hozirda foyda ko‘rayaptimi? Shu boradagi ba’zi raqamlar bilan o‘rtoqlasha olasizmi?
— Yo‘q, hozircha biz mablag‘ sarflayapmiz. Mavjud mijozlar bazasi (mingdan ortiq yuk tashish kompaniyalari) bilan hali foyda ko‘rish jarayoniga chiqmadik. Kompaniyada 20 nafar xodim ishlaydi. MRR va boshqa ko‘rsatkichlarni oshkor eta olmayman.
— Moliyalashtirish masalasiga to‘xtalsak, siz NFX venchur fondidan sarmoya jalb qilgansiz. Bu haqida batafsilroq aytib bera olasizmi?
— Ha, umumiy hisobda 2,7 million dollar investitsiya oldik. Biz o‘zimiz sarmoya izlab yurganimiz yo‘q edi – fondning o‘zi biz bilan bog‘lanib, hamkorlik taklif qildi. Shartlar tezda kelishildi va natijada shu yilning may oyida investitsiya raundi amalga oshdi. Aslida, AQSh bozorida bu miqdor uncha katta mablag‘ hisoblanmaydi.
— Yangi investitsiya raundini rejalashtiryapsizlarmi?
— Hozircha yo‘q. Ammo kelajakda bunday imkoniyatni ko‘rib chiqishimiz mumkin deb o‘ylayman.
— Hozirda faqat AQSh bozorida ishlayapsizlar. Boshqa davlatlar yoki mintaqalarga chiqish rejalaringiz ham bormi?
— Yo‘q. AQSh bozori juda ulkan va bizni bu yerda hali juda ko‘p ishlar kutmoqda. Faqatgina logistika sohasining o‘zi 850 milliard dollarga baholanadi. Biz esa Spot Market’da buyurtmalar topishga yordam beramiz – bu umumiy hajmning 20 foizini tashkil etadi, ya’ni taxminan 170 milliard dollar. BPO (Business Process Outsourcing – biznes jarayonlarining bir qismini tashqi kompaniyaga topshirish) bo‘limi esa taxminan 25 milliard dollar atrofida. Shuning uchun bozor juda katta, biz hozircha boshqa yo‘nalishlar haqida o‘ylamayapmiz. Aslida, dunyoda AQSh bozoriga teng keladigan boshqa narsa yo‘q.
— Yaqin kelajakda, masalan 2026-yilga borib, Numeo AI’ni rivojlantirish bo‘yicha qanday rejalaringiz bor?
— Biror narsani bashorat qilish juda qiyin. Biz startapmiz, hammasi juda tez o‘zgarishi mumkin. Strategiyalar odatda shakllanib bo‘lgan kompaniyalar uchun mos. Yangi loyihalarda esa vaziyatga qarab harakat qilinadi.
— So‘nggi yillarda sun’iy intellekt ko‘plab sohalarga kirib bordi. Sizningcha, bu “hype” qachon pasayadi va u umuman olganda pasayishi mumkinmi?
— Ha, hozirda bu yo‘nalish atrofida juda katta shov-shuv bor, ammo men orqaga qaytish bo‘ladi, deb o‘ylamayman. Aksincha, bu jarayon davom etadi – sun’iy intellektni qo‘llash mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar juda ko‘p. Biz turli sohalarda va segmentlarda yana juda ko‘p yangi startaplarning paydo bo‘lishiga guvoh bo‘lamiz, deb o‘ylayman.