O‘zbekistonlik yigitlar $20 ming evaziga restoranlar uchun superilova yaratishga kirishdi: ularning g‘oyasi esa ko‘pchilikni qiziqtirdi

Freedom Broker Freedom Broker О редакции О редакции Cмотрите нас на YouTube! Cмотрите нас на YouTube!
Дата публикации: 08.12.2025, 17:08
2025-12-08T17:08:46+05:00
Matn: Pavel Berasneu
Surat: Iris Mambur
O‘zbekistonlik yigitlar $20 ming evaziga restoranlar uchun superilova yaratishga kirishdi: ularning g‘oyasi esa ko‘pchilikni qiziqtirdi

Dadamuhammad Salimov Toshkentdan bo‘lib, Londonda universitetni tamomlagan, ijaraga olingan dalada tarvuz ekib ko‘rgan, yollanma ishda ishlagan, ammo so‘ng hammasini tark etib, hozir hamkorlari bilan REZVO startapini rivojlantirmoqda. Ushbu servis orqali odamlar restoranlarda stol bron qilishi, muassasalar esa mijozlar bilan samarali muloqot olib borishi mumkin.

Digital Business va Astana Hub’ning «Markaziy Osiyoning 100 startap tarixi» qo‘shma loyihasi uchun Dadamuhammad oyiga $200 ga IT-yechim yaratish, pullarni “behudaga sarflamaslik”, nega ko‘plab startaperlar hayolparastlar ekani va Qozog‘iston restoran egalari IT-loyihalarga bo‘lgan munosabatlarining nimasi uni hayratga solgani haqida so‘zlab berdi.

«Birinchi biznesim agrosektorda edi: dala ijaraga olib, tarvuz ekkanman»

— Ota-onam asli Toshkentdan, ammo men Moskvada tug‘ilganman. Fizika-matematika gimnaziyasida o‘qiganman, shu bois har doim raqamlarga mehrim bo‘lgan. Maktabni tugatgach, Buyuk Britaniyadagi universitetga o‘qishga kirdim. Londondagi Heriot-Watt University kampusida tahsil oldim: bakalavriatni “Biznes boshqaruvi va moliya”, magistraturani esa “Moliyaviy xavflarni boshqarish” yo‘nalishi bo‘yicha bitirdim.

Menda yollanma ishda ham, tadbirkorlikda ham tajriba bor — turli sohalarda o‘zimni sinab ko‘rganman. Birinchi biznesim agrosektorda bo‘lgan: dala ijaraga olib, tarvuz ekdim. Maqsadim daromad topish va o‘zim yaratgan ishning natijasini his qilish edi. Ammo qishloq xo‘jaligi va uning nozik tomonlari haqida hech narsa bilmas edim. Shunga qaramay, omadim bor ekanmi, hammasi yaxshi o‘sdi va hosilni ulgurji narxda sotishga muvaffaq bo‘ldim.

Keyin uzoq vaqt yollanma ishda ishladim: Toshkentdagi bir rivojlantirish kompaniyasida faoliyat yuritdim, so‘nggi ish joyim esa tekstil sohasidagi kvazi-davlat tuzilmasi — “Soyuzlegprom”ning vakili lavozimi bo‘lgan. U yerda bir yarim yil ishladim, biroq shtat qisqarib, vakolatxona yopildi.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

Shunda o‘zingizning loyihangizni qilish kerakligini tushundingizmi?

 — Yollanma ish, albatta, yaxshi, lekin oddiy harakatlarni ham cheksiz kelishish, bitmas-tuganmas hisobotlar jarayonlarni juda sekinlashtiradi. Bir joyda uzoq qolishni yoqtirmayman: agar “shiftga urilib”, loyihaning rivojlanish dinamikasi yo‘qolsa yoki ichki hayajon so‘nsa — bu ish menga zerikarli bo‘lib qoladi.

Shuning uchun yana tadbirkorlikka qaytib, o‘z ishimni qilish istagi paydo bo‘ldi — shu tariqa hamkorlarim bilan Duckers kompaniyasini tashkil qildik va uning doirasida REZVO loyihasini rivojlantiryapmiz.

IT-startap g‘oyasi qanday tug‘ildi?

— An’anaviy biznesda muvaffaqiyatli tajribalarim bo‘lgan, lekin IT sohasida hech qachon ishlamaganman. Mutaxassisligim ham IT emas, avval bu sohaga umuman tushunmas edim. Ammo avvalgi tajribam tufayli biznes jarayonlarini qanday tashkil qilish va tizimlashtirishni yaxshi bilardim.

G‘oyaga kelsak, aslida mutlaqo boshqa — DocxBox: hujjatlar konstruktori (o‘zbek va rus tillarida) loyihasi bilan boshlanganmiz. O‘z mablag‘larimizni sarfladik, ishlab chiqdik, lekin bozorga chiqara olmadik — IT qanday ishlashini tushunishga tajriba yetishmadi. Loyihani yopdik va REZVO’ni noldan yaratishni boshladik.

G‘oya shaxsiy muammomdan chiqdi. Men restoranga borganda oldindan buyurtma bergan narsam tayyor turishini xohlaydigan odamman. Masalan, kelganimda kalkyan allaqachon tayyor bo‘lsa degan istak. Ammo yuklama katta bo‘lsa, 15 daqiqadan yarim soatgacha kutishga to‘g‘ri keladi. Tanishlarimdan so‘rab chiqdim: aksariyati g‘oyani yaxshi deb topdi, ularga ham qulay bo‘lardi. Shunday qilib, mening ehtiyojlarim va menga o‘xshagan odamlarning xohishlariga asoslanib, REZVO — restoranlarda stolni onlayn bron qilish servisi paydo bo‘ldi.

Loyihaning asoschisi sifatida kimlar ishtirok etayapti?

 — Biz uch nafar asoschimiz: men, Rafael Xonzafarov va Maksim Vedeneyev. Rafaelning tajribasi juda katta — u 10 yildan ortiq vaqt davomida dasturlash bilan shug‘ullangan va platformaning 90 foizini aynan o‘zi yaratgan. Maksim esa hamkor-investor sifatida moliyaviy xavflarni biz bilan bo‘lishadi.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

Loyihada yana turmush o‘rtog‘im Sevara Salimova ham ishtirok etadi — u marketing, SMM, PR va targ‘ibot ishlariga mas’ul.

Rollarimiz quyidagicha taqsimlangan: muassasalarni jalb qilish, dastlabki aloqalar va hamkorlar bilan ishlash — mening zimamda. Texnik qism va ishlab chiqish — Rafaelda, reklama, kontent, targ‘ibot va videotasvirlar rejalashtirish — Sevarada.

Tajriba shuni ko‘rsatdiki, kichik loyiha uchun 4-5 kishi yetarli bo‘lar ekan.

«Agar mahsulot telefon orqali bron qilishning shunchaki alternativasi bo‘lsa, u holda uning kelajagi yo‘q»

— Bu boradagi yechimingizning mohiyati nimadan iborat?

 — REZVO foydalanuvchilar uchun — bo‘sh vaqtni samarali tashkil qilishga yordam beradigan servis: ilova orqali qulay vaqtda stol bron qilish, oldindan buyurtma berib to‘lash, restoranga borish yo‘nalishini qurish va hokazo.

Ammo loyihamizning asl mohiyati bron qilishda emas — bu foydalanuvchilar uchun yoqimli va bepul qo‘shimcha xolos.

REZVO haqiqiy qiymatni aynan muassasalar uchun yaratadi: ularning mijozlar bazasini shakllantirish, boshqarish va ular bilan muloqot qilish imkonini beradi. Agar biznes kim doimiy mijoz, ular qanchalik tez-tez keladi va nimalarga buyurtma beradi kabi ma’lumotlarni bilsa, jarayonlarni optimallashtirishi va daromadni oshirishi mumkin bo‘ladi.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

Bundan tashqari, kommunikatsiya uchun ham qulay vosita beramiz: obuna doirasida muassasa mijozlar bazasi bo‘yicha bepul xabarnoma jo‘natishi mumkin. Ya’ni SMS yoki Instagram’dagi targ‘ibot reklamasidan ko‘ra push-bildirishnomalardan foydalanadi. Shaxsiylashtirilgan takliflar odatda yaxshiroq natija beradi va mijozlarning qaytib kelish ehtimolini oshiradi.

— REZVO boshqa bron servislaridan nimasi bilan farq qiladi?

 — Eng muhim jihat — yaratilayotgan qiymatdir. Agar mahsulot telefon orqali bron qilishning shunchaki alternativasi bo‘lib qolsa, u holda uning kelajagi yo‘q. Chunki ko‘plab odamlarda hali ham ilovadan ko‘ra qo‘ng‘iroq qilish odati bor, muassasalar uchun esa mijoz qanday yo‘l bilan kelgani qiziq emas.

Biz REZVO’ni ishlab chiqayotganda o‘zimiz ham deyarli shu xatoga yo‘l qo‘yishimiz mumkin edi. Raqobatchilarni va O‘zbekistondagi shunga o‘xshash loyihalar tarixini o‘rganganimizda, muassasalar bunday xizmat uchun pul to‘lamasligini tushundik.

Biz hatto mahsulotni ERP-sistema tomonga burishni ham o‘ylab ko‘rganmiz, ammo vaqtida to‘xtadik. Chunki bozorga iiko kabi kuchli restoran boshqaruv tizimlari allaqachon kirib bo‘lgan, ular bilan raqobat qilish mantiqsiz.

Konsepsiyamizni topishda Toshkentdagi muassasalardan birining menejeri yordam berdi. Test jarayonida u shunday savol bergandi: “Yaxshi, odam stol bron qildi. Keyin-chi? U bilan qanday aloqa qilasizlar?” O‘shanda angladikki, oddiy bron qilish tugmasi — bu ahmoqona yechim. Shu sabab UTPni ikki narsaga qaratdik: mijozlar bazasini shakllantirish va alternativ kommunikatsiya. REZVO muassasalarga mijozlar bazasini yig‘ish, tahlil qilish va arzon narxda ular bilan muloqot qilish imkonini beradi.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

Ammo restoranlar bilan ishlash — bu faqat boshlanishi. Rivojlanish strategiyamizga ko‘ra, biz HoReCa bozorining to‘liq qamroviga chiqmoqchimiz, undan keyin esa TravelTech yo‘nalishiga, ya’ni global mehmondo‘stlik va turizm sohasiga kirishni maqsad qilganmiz.

— REZVO bilan nechta muassasa hamkorlik qiladi?

 — Biz atigi 2,5 oydan beri ishlayapmiz va hozircha o‘nga yaqin muassasa tizimga ulangan. Rivojlanishning hozirgi bosqichi uchun bu normal ko‘rsatkich, chunki biz uchun son emas, sifat muhim. Agar yaqin rejalarga qaraydigan bo‘lsak, Toshkentdagi mos 430 ta muassasaning 20-25 foizini qamrab olish — yetarlicha yaxshi natija bo‘ladi.

Foydalanuvchilarga kelsak, birinchi oydayoq ilovamiz ming martadan ortiq yuklab olindi va 600 ga yaqin doimiy foydalanuvchi shakllandi. Albatta, tezroq rivojlanishni istardik, lekin eng muhimi — o‘sish dinamikasi bor: yo‘lga tushdik va asta-sekin oldinga harakat qilyapmiz.

— REZVO muassasalarga qanday yordam bergani haqida misollar bormi?

— Maxfiylik siyosati tufayli muassasalar nomini ayta olmayman, ammo ulardan biriga birinchi oyda 25 ta mijoz, ikkinchisiga esa 10 dan ortiq mijoz olib keldik. Obuna narxini hisobga olganda, bizning samaradorligimiz muassasa xarajatlaridan bir necha baravar yuqori.

Lekin bu servis imkoniyatlaridan haqiqatan ham foydalanayotgan muassasalar misoli: bazani boshqarish, push-bildirishnomalar yuborish va hokazo. Egalari raqamlashtirish zarurligini anglaganida meni juda quvontiradi, chunki mijozlar oqimi oshsa — daromad ham oshadi.

— Dastlabki sotuvlar qanday bo‘lgan?

— Tizimni ishga tushirishdan oldin sinovdan o‘tkazish uchun Toshkentdan 27 ta, Nukusdan esa 2 ta muassasani jalb qildik. Hatto bepul pilotga ham egalar va menejerlarni ko‘ndirish oson bo‘lmadi.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

Asl qiyinchiliklar testdan keyin boshlandi: raqamlashtirish darajasi past bo‘lgan bozor uchun unchalik tushunarli bo‘lmagan mahsulotni sotish juda mushkul bo‘ldi. O‘zbekistonda ko‘plab joylarda bronlar hanuz oddiy qog‘ozda yoziladi va kun oxirida tashlab yuboriladi. Ya’ni mijozlar bazasi umuman yuritilmaydi, garchi har bir muassasada asosiy oqim — doimiy mijozlar bo‘lsa ham.

Dastlabki sotuvlarimiz juda og‘ir kechdi. Shu sabab darhol fastfudlar va milliy taomlar nuqtalarini qamrab olish fikridan voz kechdik: ularda odam oqimi katta, bron bo‘lmaydi — kelishadi, ovqatlanishadi va ketishadi.

Biz o‘zimizga imidjli va turistik loyihalarni asosiy auditoriya sifatida tanladik: restoranlar, barlar, “lounge”lar va albatta, kalyanxonalar — biz kalyanlarni bron qilish masalasini huquqiy jihatdan to‘g‘ri yo‘lga qo‘ydik, bunday yechim hozircha hech kimda yo‘q.

«Men hech qachon shunchaki “g‘oya uchun” pul jalb qilishni xohlamaganman — ko‘pchilik qiladigan xatoni takrorlamadim»

— REZVO’da monetizatsiya tizimi qanday?

— Foydalanuvchilar uchun hamma narsa mutlaqo bepul, hech qanday yashirin komissiya yo‘q. REZVO’dan faqat muassasalar foydalanish uchun to‘laydi. Tariflar bizning biznes modeli va operatsion xarajatlarimizdan kelib chiqib shakllantirilgan: OPTI tarifida oyiga 150 ming so‘m (taxminan $12,5), PRO tarifida esa 400 ming so‘m (taxminan $33).

Uchinchi — komission tarif ustida ham ishlayapmiz. Agar restoran obuna xarid qilishni istamasa, u to‘lovli oldindan buyurtma har safar komissiya asosida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ammo foydalanuvchilar uchun xizmat baribir bepul qoladi. Shu maqsadda Paylov platformasini ulaymiz — bu bizning milliy finteh-loyihamiz.

— O‘zini-o‘zi qachon qoplaydi deb rejalashtiryapsizlar?

— Hozirgi ulanishlar dinamikasini hisobga olganda, taxminan kelgusi yil may oyida zarar ko‘rmaslik nuqtasiga chiqishimizni prognoz qilyapmiz. Albatta, bu iyulga ham surilishi yoki, aksincha, allaqachon fevralda amalga oshishi mumkin.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

Bizda budjet maksimal darajada optimallashtirilgan: hozir operatsion xarajatlarimiz oyiga 200 dollardan oshmaydi, bu shu turdagi servis uchun juda kam. Albatta, bu marketing xarajatlarisiz, biz faunderlar esa oylik olmaymiz. Hozirgi paytda eng muhimi — loyiha “jonlanib”, o‘sishni boshlashi.

— Loyihaga hozirgacha qancha mablag‘ kiritdingiz?

— Umuman olganda taxminan $20 ming. Bu — faqat o‘zimizning shaxsiy mablag‘larimiz. Men qat’iy ravishda ko‘pchilik qiladigan xatoga yo‘l qo‘ymadim: shunchaki “g‘oya uchun” pul jalb qilishni istamadim. Chunki ko‘rib turganim — startaperlarning 90 foizi hayolparastlar. Yangi boshlayotganlar xafa bo‘lishmasin, lekin ularning asosiy maqsadi ko‘p hollarda loyihani amalga oshirish uchun pul topish bo‘ladi. Bu esa har doim ham to‘g‘ri yo‘l emas.

Menimcha, investitsiya izlashdan oldin avvalo gipotazalarni sinab ko‘rish, bozor bilan hech bo‘lmaganda biroz ishlab ko‘rish kerak. “Genial” deb atalgan, go‘yoki albatta “mo‘ljalga tegadigan” g‘oyaga pul berilsa-yu, ammo odamlar bu resurslar bilan qanday ishlashni bilmasa — natija ko‘pincha o‘lik tug‘ilgan loyihaga aylanadi.

Shu sabab biz jamoa bilan boshqacha yo‘lni tanladik: avval mahsulotni yaratdik, uning yashash qobiliyatini tekshirdik, ishlashiga ishonch hosil qildik va faqat shundan keyingina investitsiya izlashga va fondlar bilan gaplashishga qaror qildik. Buni klassik biznes yo‘li desa ham bo‘ladi.

Ammo hozir allaqachon tashqi kapital jalb qilish zarurati tug‘ildi va men aynan shu bilan shug‘ullanmoqdaman. O‘zbekistonlik bir venchur fondi bilan muloqot yo‘lga qo‘yganman.

— Qancha investitsiya jalb qilishni ko‘zlayapsiz?

Дадамухаммад Салимов, REZVO

— Aniq raqamni hozircha ayta olmayman, chunki muzokaralar endi boshlandi. Lekin tezkor rivojlanish uchun qo‘shimcha jamoa shakllantirish va to‘liq quvvat bilan ishlashga qancha mablag‘ kerakligini tushunib turibmiz. Hozirgi rejimda ishlashni davom ettirish uchun esa bundan besh baravar kam mablag‘ kifoya. Xullas, hozirgi bosqichda $50 ming ham yarim yilga, hatto zaxirasi bilan yetadi.

«Qozog‘istonda darrov: bizga qanday foydangiz tegadi?, deb so‘rashadi»

— Qozog‘iston bozori haqida nimalar deya olasiz?

— Ostona shahriga REZVO O‘zbekiston IT Parki va Astana Hub tomonidan tashkil etilgan davlatlararo Market Entry Accelerator dasturiga tanlanganidan keyin bordim. Ostonaga kelganimning ikkinchi kunidanoq birinchi hamkorni ulab bo‘ldim. Hozircha test rejimida Code Da Vinci bilan hamkorlik qilyapmiz.

Qozog‘istonda restoran biznesi juda katta va eng muhimi — chuqur raqamlashtirilgan. Ochig‘i, jarayonlarning tezligidan hayratda qoldim: bu yerda mahsulotimiz nima va nima uchun kerakligini uzoq tushuntirib o‘tirmaysiz. Dastlab Ostonadagi joylarni o‘rganganimda, Toshkentdagiga o‘xshash bo‘ladi deb o‘yladim: ko‘p gapirish, tushuntirish, ishontirish, uzoq muzokaralar... Ammo Qozog‘istonda birinchi savol: “Sizni bizga qanday foydangiz tegadi?” Agar siz qiymatni aniq ko‘rsatib bersangiz — javob darhol: “Ha” yoki “Yo‘q”. Qozog‘istonda menga mana shu bevositalik, aniqlik va tezkorlik juda yoqdi.

Shu sabab, Qozog‘iston bozoriga jiddiy kirishni rejalashtirganmiz, bu yerda to‘laqonli ish boshlamoqchimiz. Hatto .kz domenini ham sotib oldik.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

— Yana qaysi bozorlarga chiqishni rejalashtiryapsiz?

— Bizning rivojlanish va kengayish strategiyamiz — Markaziy Osiyo: Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston. Keyingi bosqich: Gruziya, Armaniston va Ozarboyjon.

— Yevropa Ittifoqi haqida-chi? AQSh-chi?

— G‘arbiy Yevropani jiddiy ko‘rib chiqmayapmiz. U yerda bu kabi yechimlar allaqachon mavjud va mahalliy loyihalar bilan raqobat qilish oson emas — chet mahsuloti sifatida bizning ustunligimiz bo‘lmasligi mumkin.

AQSh bo‘yicha esa qiziqarli holat bo‘ldi: biz bilan Chikagoda o‘zining restoraniga ega bo‘lgan o‘zbekistonlik yigitlar bog‘landi. Hozir platformani Amerika bozoriga moslashtiryapmiz. Ularni eng ko‘p qiziqtirayotgan jihatlar — oldindan buyurtmalarni qayta ishlash, oldindan to‘lov va mijozlar bazasi bilan ishlash.

— Servisni rivojlantirish bo‘yicha yaqin rejalaringiz qanday?

 — Rivojlanish strategiyamiz restoran sohasidan boshlab butun HoReCa segmentiga, undan esa TravelTech yo‘nalishiga bosqichma-bosqich o‘tishni ko‘zda tutadi.

Yaqinda juda zo‘r servis — OYGUL bilan integratsiya qildik. Bu — gullar va sovg‘alar do‘konlarini birlashtiradigan agregator va marketpleys. Ular statistikasiga ko‘ra, gullar va sovg‘alarning 35% buyurtmalari soat oltidan keyin aynan restoranlarga yetkaziladi. Shu sabab REZVO ichiga OYGUL tugmasini qo‘shdik va endi foydalanuvchilar stol bron qilgan restoranga bir zumda gul yoki sovg‘a buyurtma qila oladi.

Дадамухаммад Салимов, REZVO

Taksi chaqirish funksiyasi bizda allaqachon bor, dekabr oyida esa O‘zbekistondagi karshering servislaridan biri bilan integratsiya qilishni rejalashtiryapmiz. Maqsad — odamlar uchun imkoniyatlarni ko‘paytirish.

Kelgusida REZVO ilovasini haqiqiy superilovaga aylantirmoqchimiz: unda turist o‘zining butun logistika zanjirini osongina tuza oladi — mehmonxona tanlash va bron qilish, taksi chaqirish yoki mashina ijaraga olish, restoran va ko‘rishga arzigulik joylarni topish va boshqalar.