Talabalar Toshkentda gul marketpleysini yo‘lga qo‘yib, 100 ming dollar oldi

Freedom Broker Freedom Broker О редакции О редакции Cмотрите нас на YouTube! Cмотрите нас на YouTube!
Дата публикации: 30.11.2025, 13:40
2025-11-30T13:40:08+05:00
Matn: Zhandos Dostanov
Surat: Iris Mambur
Talabalar Toshkentda gul marketpleysini yo‘lga qo‘yib, 100 ming dollar oldi

O‘zbekistonlik Abdumalik Abduxalimov startaplar bilan talabalik davridanoq shug‘ullana boshlagan. Uning ilk loyihasi omadli chiqdi: har oy minglab toshkentliklar universitetdagi tanish IT-mutaxassislar bilan birga ishga tushirgan OYGUL marketpleysi orqali gullar buyurtma qilishadi. OY Startech nomli yosh kompaniya asosiy e’tiborni xizmat sifati va sun’iy intellekt ham qo‘llanilgan sotuvchilar uchun qulay CRM tizimiga qaratdi. Kompaniyaning yaqin kelajakdagi rejalari – Qozog‘iston bozoriga chiqish va texnik yordam uchun mo‘ljallangan sun’iy intellekt agentini mustaqil mahsulot sifatida sotish.

Digital Business va Astana Hubning «Markaziy Osiyodagi 100 startap tarixi» qo‘shma loyihasi doirasida biz Abdumalik bilan gul biznesining o‘ziga xos jihatlari, guldastalar yetkazib berish chog‘idagi bir kulgili voqea va prezident tanlovida g‘olib bo‘lib qo‘lga kiritilgan 100 ming dollarlik grant haqida suhbatlashdik.

«Startap g‘oyasi Londonda paydo bo‘lgan»

— O‘zingiz haqingizda gapirib bering: IT sohasiga qanday kirib kelgansiz?

— Men Qarshi shahrida (Qashqadaryo viloyati; aholisi taxminan 270 ming kishi) ulg‘ayganman, Toshkentga esa “Yangi O‘zbekiston” Prezident universitetida o‘qish uchun kelganman. Mutaxassisligim – dasturiy injiniring (Software Engineering). Shu yerda OYGULning kelajakdagi kofaunderi Nurislombek Mahkamjonxojizoda bilan tanishdim. Birgalikda ilk talabalar ittifoqi, ya’ni talabalar va administratsiya o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaruvchi tashkilotni tuzganmiz. Biz universitetning birinchi talaba qabulida o‘qiganimiz uchun o‘sha paytda bunday uyushmalar mavjud emas edi.

Nurislombek ikkinchi kurs oxirida muvaffaqiyatli startap – OYTICKET’ni yaratdi. Bu butun Toshkent bo‘yicha kino biletlari agregatori. Loyiha “Barbigeymer” davrida (2023-yil yozida “Barbi” va “Oppengeymer” filmlari bir paytda premyera qilinishi, internetda bu mavzu atrofida paydo bo‘lgan memlar) juda tez ommalashdi.

Абдумалик Абдухалимов

Agregator yaxshi rivojlangach, Nurislombek yangicha yo‘nalishlarda kengayishni istashini aytdi. O‘sha paytda men UX/UI-dizayn bilan shug‘ullanardim va u menga yangi loyihani ishlab chiqish uchun qo‘shilishni taklif qildi.

— Ishni birdaniga gul marketpleysidan boshladingizmi?

— Ha. Nurislombek meni yana ikki kofaunder – Temur Qosimov va Asilbek Akbarov bilan tanishtirdi. Gullar marketpleysini yaratish g‘oyasi Asilbekdan chiqqan: u Londonda o‘qiydi va bir kuni Toshkentdagi opasi uchun buket buyurtma bermoqchi bo‘lgan. Do‘konlar bilan kelishish ham, to‘lovni amalga oshirish ham juda qiyin bo‘lgan. Shunda Asilbek bu jarayonni ancha soddalashtirish mumkinligi haqida o‘ylab qolgan. Shu tariqa OYGUL ishga tushirildi.

Dastlab men UX/UI dizayni bilan shug‘ullandim. Ammo bunday startaplarda 3-4 oydan keyin dizayner uchun deyarli vazifa qolmaydi. Shunda men barcha operatsion ishlarni, ya’ni gul do‘konlari bilan kelishish, jarayonlarni boshqarishlarni o‘z zimmamga olishni taklif qildim. Menda bunday tajriba bor edi: talabalik ittifoqini tashkil qilgan paytimizda barcha tadbirlar va universitet administratsiyasi bilan aloqa men orqali bo‘lardi. Shu tariqa OYGUL’ning asosiy operatsion menejeri, keyin esa COO bo‘ldim.

— Odatda gul do‘konlari o‘zlarini Instagram va Telegram’da targ‘ib qiladi. OYGUL’ning o‘ziga xos jihati nimada?

— Birinchidan, biz butun Toshkent bo‘ylab do‘konlardan juda ko‘p takliflarni jamlaymiz, shunda siz budjetingizga mos eng optimal variantni tanlashingiz mumkin. Ikkinchidan, marketpleys barcha operatsion jarayonlarni o‘z zimmasiga oladi: siz shunchaki buyurtma berasiz, xolos. Sotuvchiga eslatish, holatni aniqlashtirish yoki biror narsani qayta so‘rash shart emas. OYGUL buyurtma berilgan paytdan tortib, gul egasiga yetkazilgunga qadar butun jarayonni kuzatib boradi. Uchinchidan, biz sifat va xizmatga alohida e’tibor beramiz. Masalan, gul do‘konlari odatda yetkazib berishdan oldin guldastaning fotosini mijozga yuborishmaydi, bu esa tushunmovchilikka sabab bo‘lishi mumkin. Bizda esa guldastasining fotosi bo‘lishi majburiy talab.

«Bir yil ichida startapga taxminan 8 ming dollar sarfladik»

— OYGUL’ni ishga tushirish uchun kerak bo‘lgan mablag‘lar avvalgi startapdan topilgan pullarmi?

— Shunday desak ham bo‘ladi. Aslida biz unchalik katta mablag‘ sarflaganimiz yo‘q. O‘sha paytda barcha kofaunderlar universitetni tugatayotgan edi va ko‘p yosh mutaxassislar haqiqiy ish tajribasiga ega bo‘lishni xohlardi. Shu sabab dastlabki ishlab chiquvchilar jamoasini portfolio uchun ishlashga tayyor mutaxassislardan tuzdik.

Абдумалик Абдухалимов

Asosiy xarajatlar marketingga ketdi. Bir yil davomida taxminan 8 ming dollar sarfladik, startap uchun bu unchalik katta summa emas.

Hozir jamoamizda, men bilan birga, 5 kishi bor. Men va Asilbek do‘konlar bilan ishlash va barcha operatsion jarayonlarni boshqaramiz, qolgan uch kishi, ikkita kofaunderni qo‘shib, — ishlab chiquvchilar.

— Kompaniyaning moliya modeli qanday?

— Toshkentda hech kim katalogda joylash uchun pul to‘lamaydi, shuning uchun biz sotilgan guldastalardan foiz olamiz. Foiz guldasta narxiga qarab belgilanadi: 500 000 so‘mgacha bo‘lgan (21 700 tenge) guldastalarda 20%, narx oshgani sayin foiz miqdori kamayadi. Bu bizga ko‘plab sotuvchilarni jalb qilishga yordam berdi, hozir ularning soni 45 dan oshgan. Ular orasida kichik do‘konlar ham, yirik tarmoqlar ham bor. Raqobatchilar bor, ammo ular odatda bunday progressiv tizimdan foydalanmaydi, natijada qimmat guldastalardan do‘konlar anchagina pul yo‘qotadi.

— OYGUL orqali buyurtma qilinganda guldasta narxi do‘konning o‘zidagi narx bilan bir xilmi?

— Ha, biz do‘konlar bilan imzolaydigan shartnomada bu alohida band bilan ko‘rsatilgan: xaridor uchun narx bir xil bo‘lishi shart.

— Yetkazib berishni kim amalga oshiradi? Taksi agregatorlari bilan hamkorligingiz bormi?

— O‘z yetkazib berish xizmatimizni yo‘lga qo‘yish juda qimmat, shuning uchun bu jarayonni autsorsga topshirdik. Yirik taksi parki bilan kelishdik va ular bizga guldastalarni ehtiyotkorlik bilan tashiy oladigan haydovchilarni ajratib berishdi, chunki guldastani to‘g‘ri ushlash, yetkazib borganda shikastlamaslik juda muhim. Agar mijoz uchun tezlik ustuvor bo‘lsa, Yandex Dostavkani ham taklif qilamiz.

Абдумалик Абдухалимов

Bundan tashqari, servisga alohida e’tibor beradigan yetkazib berish xizmati bilan ham shartnoma tuzganmiz. Bu yerda inson omiliga bog‘liq noqulay holatlar, masalan, kayfiyati yo‘q yoki shoshilayotgan, mijozni shoshilishga majbur qiladigan kuryerlar deyarli uchramaydi. Axir guldastani topshirish jarayoni ham sovg‘aning o‘zi kabi muhim. Shu sabab byudjet va mijoz istagiga qarab yetkazib berish servisi farq qiladi.

«Oyiga 1,5 mingta buyurtma biz orqali o‘tadi. Endi biz foydadamiz»

— Buyurtma sifati va holati qanday nazorat qilinadi?

— Dastlabki kundan boshlab bizda o‘zimizning texnik yordam jamoamiz bor, ular buyurtmalar yangilanib borishini qo‘lda nazorat qiladi va kerak bo‘lsa, sotuvchi yoki kuryer bilan bog‘lanadi. Shuningdek, bir nechta jarayonlarda sun’iy intellektdan foydalanamiz. Sifat nazorati mahsulot kartasini to‘ldirish bosqichidayoq boshlanadi. Do‘konlar bizdan pozitsiyalarni joylashtirish imkoniyati bo‘lgan bepul CRM tizimiga kirish huquqini oladi. Avvallari sotuvchilar majburiy maydonlarni – gullar turi, guldastadagi soni, umumiy tavsifni to‘ldirmay qolishardi. Endi esa tizimga faqat guldasta surati va narxini yuklash kifoya – sun’iy intellekt hammasini tanib, mahsulot sahifasini o‘zi yaratadi. Bu do‘konning vaqtini ancha tejaydi.

Bundan tashqari, Telegram akkauntimizga texnik yordam botini integratsiya qilmoqdamiz – u 30 soniya ichida inson kabi javob bera oladi. Unda texnik yordam mutaxassisi ham, sotuvchi funksiyasi ham bo‘ladi. Hozircha tizim test rejimida, kelasi yildan to‘liq reliz versiyasini chiqarmoqchimiz. Qolaversa, tizim nafaqat matnni, balki ovozli xabarlarni ham tanib oladi, ayrim mijozlar shunday muloqot qiladi va bu chatbot uchun muammo bo‘lmaydi.

Абдумалик Абдухалимов

Biz avval sun’iy intellekt yechimining samaradorligini OYGUL misolida isbotlamoqchimiz. Yetarli statistika to‘plagach, bozorga chiqib, bu texnologiyani boshqa kompaniyalarga ham alohida mahsulot sifatida taklif qilamiz.

— Keling, raqamlarga nazar tashlaymiz. Hozirda foydadamisiz?

— OYGUL allaqachon foydada. Oylik buyurtmalar hajmi taxminan 1,5 mingta, eng yuqori davrda esa 3,5 mingtagacha yetgan. O‘rtacha hisobda bir kunda 150 ta yetkazib berish bo‘ladi, lekin bu mavsumga qarab o‘zgaradi. Men aniq bilamanki, bizda eng yuqori o‘rtacha chek – guldastalarning bahosi o‘rtacha 60 dollar atrofida bo‘ladi. Hamkorlik qilayotgan do‘konlarning ma’lumotlariga ko‘ra, bu summa boshqa marketpleyslardagi ko‘rsatkichlardan qariyb ikki barobar yuqori.

«Xotiniga guldastani qabul qilishi uchun deyarli 4 soat harakat qilganmiz»

— Nega OYGUL saytini faqat mobil qurilmadan ochish mumkin?

— O‘zbekistonda foydalanuvchilarning odati shunday – buyurtmalarni asosan smartfondan qilishadi. Bundan tashqari, bizning imkoniyatlarimiz cheklangan edi: eslatib o‘tamiz, startapni talabalik davrida boshlaganmiz.

Shuning uchun fokus eng talabgir – mobil versiyani ishlab chiqishga qaratilgan. Ammo kelasi yil boshida katta yangilanish – OYGUL 2.0 taqdim etiladi. Unda boshqa yangiliklar bilan birga to‘liq web-versiya ham bo‘ladi.

— OYGUL faqat gullarni taklif qiladimi? Shirinliklar yoki tortlar kabi sovg‘alar-chi?

— Bu mahsulotlar ham bor, ammo ular unchalik ommalashmagan: Toshkentda odamlar odatda o‘zlari konditerga borib, sovg‘ani o‘zlari tanlashni afzal ko‘rishadi. Qozog‘istonda esa bunday emas – sizlarda har xil toifadagi mahsulotlar uchun onlayn-buyurtmalar ancha ommabop.

— Guldastani yetkazib berish jarayonida esda qolarli biror holat bo‘lganmi?

Абдумалик Абдухалимов

— Bir kuni tanishimiz, biznesmen, xotini bilan kelishmovchilikdan keyin uzr sifatida unga katta guldasta buyurtma qilgan. Ayol esa erini hamma joyda bloklab qo‘ygan edi. Biz uni to‘rt soatga yaqin vaqt davomida sovg‘ani qabul qilishga va yarashishga ko‘ndirgan edik. Oxiri rozi bo‘ldi! Hozirda shu tanishimiz har oy kamida ikkitadan gul buyurtma qiladi.

«Ostona – taraqqiy etgan va dinamik shahar, bu yerda tadbirkorlar hammasini “ha-ha / yo‘q-yo‘q” (aniq va tez) tamoyili bilan hal qiladi»

— Hozir Astana Hub va IT Park Uzbekistan’ning Market Entry dasturida ishtirok etayapsiz. Rejangizda Qozog‘iston bozoriga chiqish bormi?

— Ha. OYGUL’ni ishga tushirishdan oldin roadmap chizganmiz: avval Toshkentda rivojlanish, keyin O‘zbekistonning boshqa shaharlariga kengayish. Lekin bozorni o‘rganganimizdan keyin fikrimiz o‘zgardi. Toshkent – mamlakatning guldasta biznesidagi asosiy markaz hisoblanadi. Raqobat katta, hamma sifatni yuqori darajada ushlab turishga intiladi. Boshqa yirik shaharlarda (Buxoro, Samarqand, Andijon) vaziyat boshqacha: do‘konlar kam, ko‘pincha sovutgich bo‘lmaydi – bizning marketpleysga ulanish uchun bu majburiy talab hisoblanadi.

Shundan so‘ng qo‘shni davlatlar bo‘lgan Qozog‘iston va Qirg‘izistonga e’tibor qaratdik va juda o‘rinli ravishda Market Entry akseleratsiyasi boshlangani haqida bildik. Unda ishtirok etish imkoniyati uchun minnatdormiz: dastur bozorning o‘ziga xos jihatlarini, biznes yuritish tamoyillarini tushunishda juda katta yordam berdi. Ostona – taraqqiy etgan va juda ham dinamik shahar, bu yerda tadbirkorlar masalalarni aniq va tez hal qiladi. Shu bilan birga, odamlar deyarli hamma narsani onlayn buyurtma qilishadi, marketpleyslar ham ko‘p.

Абдумалик Абдухалимов

Bizda kamida ikki raqib bo‘ladi: Wolt va Flowwow. Ikkalasi ham o‘nlab davlatlarda faoliyat yuritadigan yirik o‘yinchilar. Lekin Wolt gullarga ixtisoslashmagan – ko‘pi bilan guldasta tashqi qadoq bilan o‘raladi, bu esa uning chiroyiga putur yetkazishi mumkin. Flowwow esa Qozog‘istonda unchalik sezilmayapti: ehtimol, kompaniya bu bozorga faqat portfoliosini kengaytirish uchun kirgandir.

Hozir Ostonadagi mentorlar bilan ishlayapman, ular marketpleys va Qozog‘istondagi biznes yuritish xususiyatlari bo‘yicha juda muhim tavsiyalar berishmoqda. Astana Hub’da esa juda ko‘p startaplar bor, ular bilan muloqot qilishning o‘zi katta tajriba.

— Siz shuningdek O‘zbekistonning President Tech Award tanlovida g‘olib bo‘lib 100 ming dollarlik grant oldingiz. Shu haqida batafsil aytib bering.

— Hammasi Market Entry dasturiga o‘xshardi: shunchaki operatsion ishlanmalarimiz bo‘yicha ariza topshirdik. Bir paytlar hatto anketani to‘ldirganimizni unutib qo‘ydik. Birdan ular biz bilan bog‘lanib, finalga chiqqanimizni, Demo Day’da prezentatsiyaga tayyorlanishimiz kerakligini aytishdi. Oxir-oqibat g‘olib bo‘ldik va bu mablag‘lar bizga katta yordam berdi. Grant olinmaguncha iqtisodiy rejimda ishlardik, qo‘shimcha mablag‘lar esa marketpleysning ommabopligini – keng reklama va O‘zbekistonning top blogerlari bilan hamkorlik orqali tez oshirishga yordam berdi.

— Biror investitsiya jalb qilmadingizmi?

Абдумалик Абдухалимов

— Yo‘q, grant bizga oyoqqa turish uchun yetarli bo‘ldi. Ehtimol, SI-yechimni ishlab chiqish tugagach, keyingi raund bo‘ladi.

— Startapning 2026-yilgi rejalari qanday?

— Birinchisi: Toshkentda innovatsion yechimlar bilan OYGUL 2.0 ga e’tibor qaratamiz. Ikkinchisi: SI asosida chat-botni mustaqil mahsulot sifatida texnik yordam uchun ishga tushiramiz. Uchinchisi: marketpleysni avval Ostona, keyin Olmaotada ishga tushiramiz. So‘ng, hammasi yaxshi ketsa, Qirg‘izistonga chiqish ham rejalashtirilgan.