Butun Markaziy Osiyoning startap bazasini yaratayotgan yigit hikoyasi
Umed Rahimov maktabdayoq informatika faniga qiziqib, oliy ta’limga kirishda IT yo‘nalishini tanlagan. U birinchi kursdayoq startaplarga qo‘shilib ishlay boshlagan va oradan ko‘p o‘tmay o‘z loyihasi – vazifa.tj ni ishga tushirgan. Bu loyiha Tojikistonda ish qidirish uchun mo‘ljallangan servis bo‘lib, mamlakatda tezda ommalashgan. Biroq, joriy yil boshida Umed kompaniyasini sotib, yangi g‘oya — Markaziy Osiyo bo‘ylab innovatsion startaplar, venchur va sahiy investorlar, ish o‘rinlari hamda yangiliklarni qidirish imkonini beruvchi data-platforma – Stanbase’ga e’tibor qaratdi.
Digital Business va Astana Hub’ning «Markaziy Osiyoning 100 startap tarixi» loyihasi doirasida Umed Stanbase’ning ilk g‘oyasi qanday tug‘ilganini va uning xorijiy o‘xshash platformalardan nimasi bilan farq qilishini so‘zlab berdi. Shuningdek, asoschilar hozirgacha loyihaga qancha mablag‘ yo‘naltirgani, startap qanday yo‘l bilan daromad topishni rejalashtirgani hamda kelgusi yil qaysi yo‘nalishlarda rivojlanishi haqida ham ma’lumot berdi.
«Mening eng yuqori marram — informatika o‘qituvchisi bo‘lish, deb o‘ylardim»
— Umed, sizning IT sohasidagi yo‘lingiz qanday boshlangan edi?
— Maktabdayoq informatika faniga qiziqib qoldim va oliygoh tanlashda ham aynan shu yo‘nalishga e’tibor qaratdim. To‘g‘risi, yuqori sinflarda IT haqida deyarli hech narsa bilmasdim. O‘shanda, mening eng yuqori marram — informatika fanidan dars beradigan o‘qituvchi bo‘lish, deb o‘ylardim.
Keyin Tojikiston milliy universitetiga o‘qishga kirdim va birinchi kursdayoq Nexus Tajikistan startapida proyekt-menejer sifatida ish boshladim. Bu loyiha Tojikistonda HeadHunter’ning mahalliy analogi edi. Biroq pandemiya davrida karantin boshlangach, loyiha yopildi. O‘sha paytda mamlakatda odamlar ommaviy tarzda Telegram’ga o‘ta boshlashgan edi. Shunda men tajwork nomli kanal ochdim va u yerda ish e’lonlarini joylay boshladim.
Jamoa tezda o‘sdi va bu kichik tashabbus asta-sekin to‘liq platforma – vazifa.tj ga aylandi. Ushbu loyiha bilan PEAK Tajikistan akseleratsiya dasturidan o‘tdik, 2023-yilda esa monetizatsiyani yo‘lga qo‘ydik. Bugungi kunda bu Tojikistondagi ish qidirish bo‘yicha eng yirik platformalardan biridir.
— Ammo so‘nggi ikki yildan beri siz Toshkentda yashayapsiz. Qanday qilib O‘zbekistonga keldingiz?
— 2023-yil boshida biz faoliyatimizni O‘zbekistonda kengaytirishni niyat qildik, shuning uchun Toshkentga ko‘chib keldim. Ammo bozordagi vaziyatni to‘liq baholamagan ekanmiz, natijada bu g‘oyadan voz kechishga to‘g‘ri keldi. Dastlab jarayonlarni yo‘lga qo‘yib, keyin ortga qaytishni rejalashtirgan edim, lekin keyinroq qolishga qaror qildim. Turli loyihalarda proyekt-menejer sifatida ishladim, mahalliy IT hamjamiyatiga qo‘shilishga harakat qildim va shu bilan birga vazifa.tj platformasini o‘z mamlakatimizda rivojlantirishni davom ettirdim.
2024-yil avgust oyida “Umed Rahimov” nomli YouTube-kanalimni yo‘lga qo‘ydim: jamoam bilan birgalikda tadbirkorlar, startaperlar, investorlar va venchur sanoati vakillari bilan podkastlar yozamiz. Hozircha 25 dan ortiq son tayyor. Bundan tashqari, Tojikistondagi startap ekotizimi haqida “Innovatsiyalar tug‘ilishi” nomli hujjatli film va “School 21 – odamlar” nomli " target="_blank" rel="noopener">kartina suratga oldik. Bu film IT sohasiga noldan kirish yo‘lini ko‘rsatib beradi.
— Stanbase g‘oyasi qachon paydo bo‘ldi?
— 2020-yildan beri shaxsiy Telegram-kanalimni yuritaman, unda Markaziy Osiyodagi IT-kompaniyalar, mahsulotlar va bu sohadagi insonlar haqida so‘z yuritaman. Postlarga tayyorgarlik jarayonida turli bitimlar, investitsiya raundlari va sanoat yangiliklariga oid ma’lumotlarni izlab topishga to‘g‘ri kelardi. Ma’lumotlar yetarli edi, biroq ular turli manbalarga sochilib ketgan edi: mahalliy OAV, kompaniyalar va investitsiyalar haqidagi xalqaro platformalar – masalan, CrunchBase, Dealroom va boshqalar.
Shu yil boshida o‘z ulushimni sotib, vazifa.tj loyihasidan chiqishga qaror qildim. Shundan so‘ng, keyingi qadam haqida o‘ylay boshladim. Dastlab IT-mutaxassislarni yollaydigan rekruterlar uchun HR-tech mahsulot yaratish niyati bor edi. Ammo oradan biroz vaqt o‘tib, bu yo‘nalish unchalik samarali emasligini angladik va g‘oyani Stanbase konsepsiyasi tomon burdik.
— Uning mohiyati nimada?
— Biz Stanbase’ni yagona platformaga aylantirish ustida ishlayapmiz – unda butun mintaqaga oid investitsion ma’lumotlar jamlanadi va ochiq bo‘ladi. 2025-yil avgustidan boshlab Markaziy Osiyodagi startaplar, venchur fondlari, biznes sahiylari hamda investitsiya jalb etish haqidagi yangiliklarni to‘plash bilan shug‘ullanmoqdamiz.
Hozircha 2022–2025-yillar oralig‘ida mintaqadagi barcha bitimlarga oid yangiliklarning qariyb 80 foizini yig‘dik. Shu ma’lumotlar asosida R&D (tadqiqot va tahlil) olib boryapmiz: bozor dinamikasini o‘rganamiz, anomaliyalar va tendensiyalarni aniqlaymiz, investitsiyalar eng ko‘p yo‘naltiriladigan yo‘nalishlar va ularning miqdorini tahlil qilamiz, qaysi fondlar eng faol ekanini kuzatamiz va hokazo.
— Stanbase xorijiy o‘ziga o‘xshash platformalardan nimasi bilan farq qiladi?
— Asosiy farq – kontentning mahalliylashtirilganligida. CrunchBase asosan amerikalik startaplarga e’tibor qaratadi, Dealroom esa asosan Yevropa bozoriga yo‘naltirilgan va yaqindagina Qozog‘iston hamda O‘zbekistonda ish boshladi. Biroq u yerdagi Markaziy Osiyo bo‘yicha mavjud ma’lumotlarning barchasi Astana Hub va IT Park Uzbekistan yordamida to‘plangan. Bunday yondashuvning muammosi shundaki, ma’lumotlar muntazam yangilanmaydi. Bizning vazifamiz esa ularni doimiy ravishda yangilab borish, chunki bu ishni joyida amalga oshirish chetdan ko‘ra ancha oson.
Shuningdek, biz bu ma’lumotlarni global platformalarga ham taqdim etishga tayyormiz, shunda ularda ham mintaqaga oid dolzarb ma’lumotlar saqlanadi.
«Ba’zi venchur fondlar bizni e’tiborsiz qoldiradi»
— Loyihaning boshida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
— Oldingi tajribam tufayli hozircha jiddiy muammolarga duch kelmadik. Agar dastlabki loyihalar ustida ishlaganimda texnik jamoani yig‘ish qiyin bo‘lgan bo‘lsa, endi Telegram-kanalim va keng tarmog‘im (network) tufayli kerakli mutaxassislar o‘zlari meni topishadi.
Shuningdek, bu tarmoq investorlar va fond vakillari bilan aloqa o‘rnatishda ham yordam beradi. Agar kimdir bilan bog‘lanish qiyin bo‘lsa, uni podkastga taklif qilaman. Ko‘pincha aynan shu intervyular davomida Stanbase bilan hamkorlik haqida kelishib olamiz.
— Fondlar siz bilan ma’lumot almashishga qay darajada tayyor?
— Hozirda O‘zbekiston va Qozog‘istondagi bir nechta fondlar bilan hamkorlik memorandumlarini imzolayapmiz. Bunday sheriklik ma’lumotlarni tezroq va tizimli shaklda olish imkonini beradi. Masalan, uzoq vaqt ochiq manbalardan ma’lumot yig‘ish o‘rniga, fond vakillaridan investitsiyalar bo‘yicha tayyor jadval so‘rash mumkin.
Shu bilan birga, ba’zi venchur fondlar bizni butunlay e’tiborsiz qoldiradi, boshqalarini esa ma’lumot almashishni unutmang deb, doim eslatib turish kerak.
Yana bir muammo – barcha ma’lumotlarni olishning imkoni yo‘qligida. Masalan, kompaniyalar bahosi (valuation) ko‘pincha yopiq bo‘ladi. Shunga qaramay, biz fondlar rahbariyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilamiz, ba’zida NDA ostidagi ma’lumotlarni ham olishga muvaffaq bo‘lamiz. Albatta, bu ma’lumotlar ochiq tarzda e’lon qilinmaydi, shuning uchun ulardan faqat ichki tahlil uchun foydalanamiz.
— Ma’lumot izlashda yana qanday boshqa manbalardan foydalanasizlar?
— Hozirda biz O‘zbekiston soliq tizimi bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yganmiz. Buni iHamkor – mamlakatdagi yuridik shaxslar haqida ma’lumot beruvchi servis orqali amalga oshiryapmiz. Shu orqali kompaniya haqidagi ma’lumotlarni: uning ro‘yxatdan o‘tganlik holati, aylanmasi, soliq qarzlari va barqarorlik reytingini olish imkoniga egamiz.
Bunda faqat Stanbase bazasida mavjud startaplarga oid ma’lumotlarni yig‘amiz.
— Fondlar va startaplar uchun Stanbase’da ro‘yxatdan o‘tishning qanday foydali tomonlari bor?
— Fondlar uchun Stanbase’dagi ma’lumotlar “due diligence” jarayonida juda foydali bo‘ladi. Investorlar biz taqdim etayotgan ma’lumotlar to‘liq, ishonchli va kompaniyaning haqiqiy holatini aks ettirishiga ishonch hosil qilishadi.
Startaplar uchun esa bir nechta ustunliklar bor. Birinchidan, investorlar ularning loyihalarini ko‘rish ehtimoli oshadi. Ikkinchidan, ro‘yxatdan o‘tish bepul, hatto bundan tashqari hamkorlarimiz tomonidan turli bonuslar taqdim etiladi. Masalan, hozirda biz Hyper App – Enterprise Cloud korporativ bulut platformasi bilan hamkorlik qilamiz. U kompaniyalarga 3 oy davomida bulut xotirasidan bepul foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, Admixer Uzbekistan servisi bilan ham ishlaymiz – u Meta Ads va Google Ads’dagi reklama byudjetlarini maxsus shartlar asosida to‘ldirish imkonini beradi. Yana Alif Uzbekistan fintex-kompaniyasi bilan hamkorligimiz bor – ular orqali yarim yil davomida ekvayring xizmatidan komissiyasiz foydalanish mumkin. Hamkorlar ro‘yxati esa doim kengayib bormoqda.
«Yil oxirigacha startapga kiritilgan umumiy investitsiya hajmi taxminan 50 ming dollarni tashkil etadi»
— Qanday qilib daromad olishni rejalashtiryapsizlar?
— Biz bir nechta auditoriyalar uchun obuna tariflarini joriy qilishni rejalashtiryapmiz, ammo narxlar hali aniqlanmagan.
Investorlar uchun obuna Stanbase bazasidagi barcha startaplar bo‘yicha kengaytirilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi: yuridik ro‘yxatdan o‘tganligi, soliq qarzlari va barqarorlik reytingi. Bundan tashqari, loyiha bo‘yicha batafsil metrikalar ko‘rinadi: o‘sish dinamikasi, moliyaviy ko‘rsatkichlar. Shuningdek, sanoat yangiliklari, tahliliy ma’lumotlar, tadbirlar va boshqa resurslarga kirish huquqi beriladi. Hozirda bir nechta venchur fondlar bilan kelishuvlar mavjud. Ular bilan qiymati bir necha o‘n ming dollarga teng yillik hamkorlik shartnomalari tayyorlanmoqda.
Startaplar ham obuna bo‘lishlari mumkin. Shu orqali ular loyihalar/fondlar bazasidan kengaytirilgan ma’lumotlarni ko‘ra oladi va hamkorlarimiz taqdim etayotgan bonuslardan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Shuningdek, B2G yo‘nalishini ishga tushirishni ham ko‘rib chiqmoqdamiz. Maqsad – tahliliy ma’lumotlarni davlat idoralari bilan bo‘lishish. Ammo hozircha kim bizning yakuniy iste’molchimiz bo‘lishi aniq emas.
– Loyihalarni rivojlantirish uchun qaysi mablag‘lardan foydalandingiz?
– Asosan faunderlar va biznes-sahiylari investorlari kiritgan mablag‘lar ishlatiladi. Aniq summa hozircha belgilanmagan, lekin yil oxirigacha umumiy sarmoya hajmi taxminan 50 ming dollar bo‘ladi. Bu mablag‘lar loyihaning barcha asosiy yo‘nalishlariga taqsimlanadi.
– Asosiy xarajatlar qayerga ketadi?
– Hozirda jamoani saqlash va R&D ishlarga sarmoya kirityapmiz. Marketingga hozircha pul sarflamayapmiz, loyihani shaxsiy ijtimoiy tarmoqlarim va YouTube-kanalim orqali targ‘ib qilaman.
«Stanbase bazasida kamida 1000 ta startapni jamlamoqchimiz»
– Ko‘plab loyihalar yo‘lini akseleratorlarda qatnashish bilan boshlaydi. Sizlar ham shunday dasturlarda qatnashganmisiz?
– Shu taktika oldingi loyihalarimda ham bo‘lgan. Stanbase bo‘yicha esa faqat endi birinchi akseleratorda qatnashdik. Dekabr oyigacha Astana Hub va IT Park Uzbekistan birgalikda ishga tushirgan MARKET ENTRY dasturida qatnashamiz. U O‘zbekistondagi texnologik kompaniyalarni Qozog‘istonda biznesni kengaytirishga tayyorlash uchun mo‘ljallangan.
– Sizdan tashqari Stanbase rivojlanishi ustida yana kimlar ishlamoqda?
– Loyihada uch nafar ko-founder bor, har birining o‘z mas’uliyat sohasi mavjud. Shuningdek, shtatda yana 4 kishi bor: dasturchilar, kontent yaratish bo‘yicha mutaxassislar va hokazo. Asosiy tahlillar bilan hozircha men shug‘ullanmoqdaman, ammo kelasi yilda kengaytirilgan tadqiqotlarni olib borish uchun yangi mutaxassislarni yollaymiz.
– Kengaytirilgan tahlilga nimalar kiradi?
– Bu yerda match qilish, skoring va tanlash vositalari bo‘ladi, ular kerakli kompaniyalarni tez topishga imkon beradi. Masalan, sizga Astana Hub’da ro‘yxatdan o‘tgan Markaziy Osiyodagi top-100 startap reytingini tuzish kerak bo‘lsa, tizim avtomatik ravishda tanlovni shakllantiradi va har bir loyiha bo‘yicha asosiy metrikalarni ko‘rsatadi.
– Yaqin yilda mahsulotni rivojlantirish bo‘yicha yana qanday rejalaringiz bor?
– Avvalo, bazamizda kamida 1000 ta startapni to‘plash: bu hajmning 11% allaqachon mavjud. Shuningdek, Astana Hub va Qozog‘iston hamda boshqa Markaziy Osiyo davlatlaridagi soliq ma’lumotlarini taqdim etishi mumkin bo‘lgan hamkorlar bilan integratsiya qilishni xohlaymiz. Eng kamida 100 ta investorni platformaga jalb qilish ham muhim: agar biz yordamimiz bilan kamida 10 ta shartnoma amalga oshsa, bu ajoyib bo‘ladi.
Shuningdek, R&D va jamoani kengaytirishga $300-500 ming jalb qilish rejalashtirilgan. Uzoq muddatli rejada Janubiy Kavkazdagi startaplar haqidagi ma’lumotlarni platformaga qo‘shish va shu mintaqadagi investitsiyalar hamda bitimlar bo‘yicha asosiy maydonchaga aylanishni ko‘zlayapmiz. Shuningdek, bir necha yildan so‘ng xalqaro bozordagi yirik o‘yinchiga sotish ham ehtimoldan holi emas.
Paralel ravishda podkastlar tayyorlashni davom ettiramiz, mahalliy startapchilar va investorlar to‘plagan tajriba va bilimlarni bo‘lishamiz. Kelajakda xalqaro loyiha boshlashni rejalashtirmoqdamiz: Markaziy Osiyodagi loyihalarni butun dunyo bo‘ylab faoliyat yuritishini mini-filmlar formatida taqdim etamiz.
– Boshlang‘ich tadbirkorlarga qanday maslahatlar bergan bo‘lardingiz?
– Men uchun har doim maslahat berish qiyin bo‘lgan, shuning uchun ijtimoiy tarmoqlarda ekspert kontent yaratmadim, balki intervyu formatini tanladim va savollar berishni boshladim. Aynan shu usulda o‘z tavsiyamni bildiraman: agar nimanidir tushunmasangiz, avval o‘xshash tajribaga ega bo‘lgan va nima qilishni biladigan odamlardan so‘rang.
Shuningdek, harakat qilishdan qo‘rqmang. Ko‘pincha ko‘p rejalashtiradigan, lekin kam harakat qiladigan startapchilarni uchrataman. Bunday oddiy taktika muvaffaqiyatga olib kelmasligi aniq.