Toshkentlik yigitlar do‘konlar uchun sun’iy intellektli kameralar yaratib, $1,8 million investitsiya oldi

Freedom Broker Freedom Broker О редакции О редакции Cмотрите нас на YouTube! Cмотрите нас на YouTube!
Дата публикации: 03.11.2025, 19:19
2025-11-03T19:19:42+05:00
Fotosurat: Madina Nurman
Toshkentlik yigitlar do‘konlar uchun sun’iy intellektli kameralar yaratib, $1,8 million investitsiya oldi

Toshkentlik Shaxzod Umirzoqov va Jamshid Xakimjonov 2021-yilda TASS Vision nomli startapni yo‘lga qo‘ydi. Jamoa do‘konlar uchun SI (sun’iy intellekt) kameralar ishlab chiqdi – bunday kameralar kompyuter ko‘rish texnologiyasi yordamida xaridorlar oqimini tahlil qiladi, ularning jinsi va yoshini aniqlaydi, hamda savdo nuqtalari egalariga daromadni oshirish imkonini beradi.

Bugungi kunda TASS Vision yechimlari 10 ta mamlakatda 2000 dan ortiq do‘konlarda o‘rnatilgan. Ular orasida Qozog‘iston, O‘zbekiston, Peru va Turkiya kabi davlatlar ham bor. Shu vaqt ichida startap $1,8 million investitsiya jalb qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Digital Business va Astana Hub’ning «Markaziy Osiyoning 100 startap tarixi» loyihasi doirasida TASS Vision’ning hamasoschisi va bosh direktori Shaxzod Umirzoqov sun’iy intellektni o‘rgatish jarayonida xaridorlarni qo‘lda sanashga to‘g‘ri kelgani, SI-kameralar chakana savdo biznesiga qanday foyda keltirayotgani, hamda startap qiymati $100 millionga yetgach uni nimalar kutayotgani haqida so‘zlab berdi.

«Jamoamiz bilan tunlari avtobuslarga uskunalarni o‘rnatardik»

— TASS Vision g‘oyasi qanday paydo bo‘lgan?

— 2018-yilda 19 yoshdaligimda, otamning biznesida yordam berardim. U kichik avtobus parkini boshqarar, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanar edi. Bu sohada doim bir muammo bo‘lgan: konduktorlar tushumning bir qismini o‘zlashtiradi, lekin buni isbotlash juda qiyin. Vaziyatni o‘zgartirish uchun yo‘lovchilarni avtomatik sanaydigan qurilma yaratishni taklif qildim.

Bu infraqizil hisoblagich edi: odam eshikdan o‘tayotganda ko‘zga ko‘rinmas nur chizig‘ini kesib o‘tar, tizim esa shu orqali yo‘lovchi o‘tganini qayd etar edi. Uch oy ichida qurilmani yig‘ib, avtobuslarga o‘rnatdim. Konduktorlar bu uskuna ularning firibini fosh qilishi mumkinligini bilib, halol ishlay boshladilar – natijada dastlabki ikki haftada daromad deyarli ikki baravar oshdi va loyiha o‘zini to‘liq oqladi.

Keyin jamoa tuzib, boshqa avtobazalarni ham tizimga ulay boshladik. Hali ham eslayman: yigitlar bilan tunlari transportlarga uskunalarni o‘rnatardik, ertalab esa uxlagani ketardik. Kunduzi kod yozardik, 3D-printerda korpuslarni chiqarardik, mikrokontrollerlarni qalaylardik, kechga borib esa yana avtobazaga yo‘l olardik. Aynan shu loyiha keyinchalik chakana savdo (riteyl) sohasida xaridorlar xatti-harakatini tahlil qilish g‘oyasiga ilhom berdi.

— Nega transport sohasida qolmadingiz?

— 2019-yilda Olmaotada bo‘lganimda, u yerda allaqachon Onay deb nomlangan transport kartalari (jamoat transportida naqd pulsiz to‘lov tizimi) joriy etilganini payqadim va tez orada shunga o‘xshash tizim O‘zbekistonda ham paydo bo‘lishini tushundim. Naqd pul muomaladan chiqadi, demak, bizning qurilmamizning ahamiyati yo‘qoladi. Shuning uchun yo‘nalishni o‘zgartirishga qaror qildim.

Yangi g‘oyalar izlay boshladim: bir necha yuzta muassasalar — riteyl, qurilish kompaniyalari, kafe va restoranlarga telefon qilib, qayerda haqiqatan ham analitikaga ehtiyoj borligini tushunmoqchi bo‘ldim. Suhbat davomida ulardan shunchaki so‘rardim: “Do‘koningizga qancha odam kiradi? Buni qanday hisoblaysiz?”

Javoblar turlicha edi. Kimdir: “Bunga nima hojat bor?” – der edi. Kimdir esa haqiqiy qiziqish bildirardi. Natijada shuni tushundimki, oflayn riteylda deyarli hech kim do‘konga kimlar kirayotganini va savdoga nimalar ta’sir qilayotganini aniq bilmaydi. Ana shu paytda, internet-do‘konlar singari, real savdo nuqtalari uchun ham aniq va qulay tahlil tizimini yaratish kerak degan imkoniyatni payqadim. Ko‘p o‘tmay menga

Jamshid Hakimjonov qo‘shildi. U kuchli muhandislik bazasiga ega va kompyuter tizimlari bo‘yicha tajribasi bor edi. Birgalikda mahsulotning birinchi versiyasini loyihalashni boshladik, keyinchalik aynan shu loyihamiz TASS Vision startapiga aylandi.

Шахзод Умирзаков CEO TASS Vision

— Loyihangizning birinchi mijozi kim bo‘lgan?

— O‘zbekistonning yirik elektronika tarmog‘i – Texnomart. Ularning bosh marketologi bizga ular allaqachon do‘konga kirgan odamlar sonini hisoblaydigan tizimdan foydalanishgani, ammo unga bundan ham chuqurroq metrikalar: xaridorlarning yoshi, jinsi va xatti-harakatlari kerakligi haqida aytdi. Shunda biz 3 oy ichida “aqlli” kameralar va kompyuter ko‘rish texnologiyasiga asoslangan yangi qurilma yaratishga va’da berdik – u video oqimini tahlil qilib, real vaqt rejimida uni analitik ma’lumotga aylantiradi. Endi tizim shunchaki “necha kishi kirdi”ni emas, balki “kim keldi va o‘zini qanday tutdi”ni ham ko‘rsatardi.

Loyiha 3 oyda yakunlanadi deb hisoblagandik, ammo neyrotarmoqlarni o‘qitish va algoritmlarni ishlab chiqish kutilganidan ancha ko‘p vaqt oldi.

Shartnoma shartlarini bajarish uchun esa ijodkorona yo‘l tutishga to‘g‘ri keldi. Biz har bir ish kunidan keyin statistikani taqdim etishimiz kerak edi. Mijozga “Bu ishni sun’iy intellekt bajaradi”, – derdim-u, lekin aslida hammasini qo‘lda qilardim. 12 soatlik videoni tezlashtirilgan holda ikki ekranda tomosha qilib, bir ish kunining ma’lumotlarini taxminan 1,5 soatda tahlil qilardim. Kiruvchilarni sanardim, ularning yosh va jinsini aniqlardim, ma’lumotlarni Excel’ga kiritardim, grafiklar tuzardim va hisobotni mijozga yuborardim. Shu tarzda 99 kun davom etdim. Xullas, “fake it till you make it” — ya’ni “haqiqiy natijaga erishmaguningcha, go‘yoki bajargandek qil” degan maqolni amalda sinab ko‘rganmiz.

Ammo aynan shu tajriba menga sun’iy intellekt qanday ishlashi kerakligini tushunishga yordam berdi. O‘z qo‘lim bilan olingan natijalarni model ishlashiga solishtirib, SI faqat 50-60% aniqlikda ishlayotganini payqadim. Xatolarni topib, algoritmlarni qayta o‘qitdik. Bir necha oy o‘tgach, tizim nihoyat to‘liq avtomatik tarzda ishlay boshladi.

«Ikki yil davomida o‘z “aqlli” kameramizni loyihalashtirdik: platadagi sxemadan tortib optika va korpusgacha»

— Dastlabki bosqichlar oson kechmagan ko‘rinadi – na yetarli mutaxassislar, na texnik imkoniyatlar bor, mijoz esa natijani kutayotgan vaziyatlar bo‘lgan. Shunday holatlarni qanday uddaladingiz va umuman, SI bo‘yicha tajribani qanday shakllantirdingiz?

— Tajriba haqida aytadigan bo‘lsam – dastlab bizda sun’iy intellekt qanday ishlashi haqida umuman tushuncha yo‘q edi. Na menda, na jamoada. Bu 2019-2020-yillar edi, ya’ni hali ChatGPT ham, SI atrofidagi shov-shuv ham paydo bo‘lmagan davr. Mutaxassislar deyarli yo‘q edi – na O‘zbekistonda, na qo‘shni mamlakatlarda. Shu sababli hammasini: YouTube, maqolalar, forumlar, Google orqali noldan o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Sinardik – chiqmasdi, yana urinardik.

Шахзод Умирзаков CEO TASS Vision

Jarayon sekin kechdi, chunki na ustozlar, na kerakli texnik baza bor edi. Neyrotarmoqlarni o‘qitish uchun kuchli server resurslari kerak, bu esa qimmat. Shuning uchun biz muqobil yo‘llarni izladik. Masalan, bizning SI bo‘yicha yetakchi mutaxassisimiz – Sirojiddin Nuriyev Janubiy Koreyada o‘qigan va u yerda talabalarga eksperimentlar o‘tkazish imkonini beruvchi laboratoriyaning hisoblash quvvatlaridan foydalanishga yordam bergan. Aynan o‘sha laboratoriyada modelning ilk versiyalari o‘qitilgan.

Vaqt o‘tib, jamoa ichida yetarli tajriba to‘pladik, modelni barqaror aniqlikka olib chiqdik va tajriba bosqichidan to‘liq mahsulot darajasiga o‘ta oldik.

Hozir kompaniyamizda qariyb 40 nafar xodim ishlaydi, ularning orasida 12 nafar muhandis asosiy ofisda faoliyat yuritadi. Shuningdek, Janubiy Koreyada magistratura va PhD dasturlarini sun’iy intellekt va kompyuter ko‘rish yo‘nalishida tamomlagan ikki nafar ilmiy tadqiqotchimiz ham bor.

— TASS Vision tizimining afzalligi nimada?

— Hozir ko‘pchilik do‘konlarda har qanday harakatga javob beradigan sensorlar ishlatiladi. Shu sababli tizim ba’zan xatolik bilan, masalan, eshik yonidan shunchaki o‘tib ketgan yoki qo‘lini silkitgan odamni ham tashrif buyuruvchi deb hisoblab qo‘yadi.

Bunday sensorlarning xato ehtimoli 40-50% gacha yetadi, biroq ularni arzonligi sababli tanlashadi – chunki chakana savdo past marjali biznes hisoblanadi. SI-analitika esa aksincha, juda aniq, lekin qimmat – bir do‘kon uchun yiliga $500 dan $1000 gacha turadi.

Biz esa ikkala jihatni birlashtirgan yechimni taklif qildik: SI-tizimlar darajasidagi yuqori aniqlik, lekin oddiy sensor narxida. Buni amalga oshirish imkonini bergan narsa – ma’lumotlar to‘liq kameraning o‘zida qayta ishlanishidir.

— Bu tizim qanday ishlaydi?

— Odatda SI-tizimlar do‘konlarda o‘rnatilgan kameralar bilan ulanadi va video tasvirni “bulut” orqali tahlil qiladi – ya’ni ma’lumotlar serverga yuboriladi va u yerda qayta ishlanadi. Bu qimmatga tushadi, chunki bulutdagi joy uchun to‘lov qilish kerak bo‘ladi. Biz esa bu jarayondan voz kechib, hisob-kitoblarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurilmaning o‘zida amalga oshiradigan tizim yaratdik. Natijada tannarx o‘nlab baravar kamaydi, ma’lumotlar esa real vaqt rejimida qayta ishlanadigan bo‘ldi.

Biz o‘z “aqlli” kameramizni ikki yil davomida ishlab chiqdik – plata sxemasidan tortib, chip tanlash, optika va korpusgacha. Aslida bu jihatdan Apple kompaniyasiga o‘xshaymiz: dizayn va texnik spetsifikatsiyani o‘zimiz ishlab chiqamiz, ishlab chiqarishni esa Shenchjendagi hamkorlarga topshiramiz. So‘ngra to‘liq o‘zimizning dasturiy ta’minot va “firmware”ni o‘rnatamiz.

Шахзод Умирзаков CEO TASS Vision

Xizmat muddati 5 yil bo‘lgan kamera do‘kon uchun oyiga atigi $2,5 turadi – bu esa odatda bulutli SI-yechimlarga sarflanadigan $250 bilan solishtirganda qariyb yuz baravar arzon.

«Bitta do‘konda konversiya 1% ga oshsa, shuning o‘zigina bizning tizim narxini qoplaydi»

— Sizlarda hozir nechta mijoz bor?

— Hozir bizning tizimlar 10 ta mamlakatdagi 2000 dan ortiq do‘konlarda o‘rnatilgan. Mijozlarni vositachilarsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb qildik. O‘z auditoriyamizni aniq bilardik: oziq-ovqat bo‘lmagan chakana savdo – elektronika tarmoqlari, dorixonalar, kiyim-kechak do‘konlari. Bunday kompaniyalar bir mamlakatda ko‘p emas, maksimal yuztacha, shuning uchun har biriga individual yondashdik. Ro‘yxat tuzib, ofislarga telefon qildik. Shu tariqa bosqichma-bosqich — marketing emas, balki shaxsiy uchrashuvlar va tavsiyalar orqali savdo jarayonini va obro‘ni qurib bordik.

— Tizim aynan nimani o‘lchaydi va u chakana savdoga qanday yordam beradi?

— Biz faqat tashrif buyuruvchilar sonini hisoblamaymiz, balki savdoni oshirishga yordam beradigan tahliliy ma’lumotlarni ham taqdim etamiz. Masalan, tizim marketing kampaniyalari samaradorligini ko‘rsatadi: reklama chiqqandan keyin qancha odam do‘konga kelgan va ulardan nechtasi haqiqatan xarid qilganini aniqlaydi.

Marketing mutaxassislari qaysi kampaniya natija berganini, qaysinisi esa shunchaki byudjetni “yeb qo‘yganini” ko‘ra olishadi. Shuningdek, tizim mijozni jalb qilish narxini (CAC) hisoblaydi – ilgari offlayn chakana savdoda bu ko‘rsatkichni deyarli o‘lchab bo‘lmas edi.

— Ma’lumotlar sotuvchilar ishiga qanday ta’sir qiladi?

— Biz do‘konlarga konversiyani o‘lchashda yordam beramiz: masalan, 100 kishi kirgan bo‘lsa, ularning beshtasi xarid qilgan – demak, konversiya 5%. Endi menejerlar bu raqamlarni ko‘rishadi va ularni xodimlarning KPI tizimiga qo‘shishadi.

Sotuvchilar “kamera kuzatyapti” deganini bilganlaridan so‘ng, har bir mijoz bilan yanada e’tiborliroq ishlay boshlashadi, bu esa darhol tushumda aks etadi. Past konversiyaning asosiy sababi – xizmat sifati. Ko‘pincha xaridor do‘konga kiradi, lekin hech kim unga yaqinlashmaydi, savollar bermaydi, yordam taklif qilmaydi – natijada u hech narsa sotib olmasdan chiqib ketadi.

— Bu sezilarli natija bergan misollar bormi?

— Ha, yirik elektronika tarmog‘idan biri motivatsiya tizimini butunlay o‘zgartirdi: sobit oylikni olib tashlab, faqat konversiyaga bog‘liq bonusni qoldirdi. Qaror xavfli edi, lekin o‘zini oqladi – atigi 3 oy ichida savdolar 63% ga oshdi.

Шахзод Умирзаков CEO TASS Vision

Aslida, ma’lumotlar adolatli va shaffof motivatsiya tizimini yaratishga yordam berdi. Katta tarmoqlarda konversiya 1% ga oshsa, shuning o‘zigina TASS Vision tizimi narxini qoplaydi. O‘rtacha hisobda, bizning kameralar 6 oy ichida o‘zini to‘liq oqlaydi.

— Startap qanday daromad oladi?

— Bizda to‘rtta tarif mavjud: Standard, Plus, Pro va Enterprise – oyiga mos ravishda $29, $49, $69 va $119 to‘lov bilan, tariflar funksiyalar to‘plamiga qarab farq qiladi.

Standard – bu asosiy reja: tashrif buyuruvchilar sonini hisoblash, ularning jinsi va yoshini aniqlash, guruhlarni (masalan, oila yoki do‘stlar kompaniyasi bitta tashrif sifatida hisoblanadi) ajratish, shuningdek, xodimlarni belgilovchi beydjlar orqali ma’lumotlarni toza holatda saqlash. Shuningdek, mobil ilova, e-mail orqali bildirishnomalar va asosiy statistika ham kiritilgan.

Plus – ko‘proq funksiyalar va hisobotlarni o‘z ichiga oladi: avtomatik SI-hisobotlar, foydali tahliliy tavsiyalar, benchmarking va POS-integratsiyalar. Pro – kengaytirilgan versiya bo‘lib, unda yuzni aniqlash funksiyasi mavjud. Bu do‘konlarga yangi va doimiy mijozlarni farqlash, shuningdek, har bir savdo nuqtasi bo‘yicha chuqur tahliliy ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Enterprise esa yirik chakana tarmoqlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, individual modullar, maxsus integratsiyalar va ustuvor texnik qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladi. Hozirda mijozlarning qariyb 70 foizi Pro-rejaga o‘tishni rejalashtirmoqda, bu tarifda yana beshta yangi modul paydo bo‘ladi.

«Perudagi hamkorimizga bizni ChatGPT tavsiya qilgan»

— Keling, endi investitsiyalar haqida gaplashamiz. Loyihaga jami qancha mablag‘ kiritilgan?

— Dastlab bizda kapital yo‘q edi – o‘z vaqtimiz va bilimimizni sarfladik. Ishni mijozlarning oldindan to‘lovlari hisobiga yuritdik, dastlabki 100 ming dollarlik investitsiyani esa uchta farishta investor kiritdi. Ular orasida Texnomart tarmog‘i asoschilaridan biri ham bor edi. Keyinchalik bizni UzVC va Qozog‘istonning Activat VC fondlari qo‘llab-quvvatladi – ular yana 150 ming dollar qo‘shishdi. 500 Global akseleratsiyasidagi ishtirok esa qo‘shimcha 100 ming dollar olib keldi. Shunday qilib, dastlabki bosqichlarda jami 350 ming dollar jalb qildik – bu mablag‘ birinchi mahsulot versiyasini ishlab chiqish va kengayish uchun yetarli bo‘ldi.

2025-yilda esa 1,5 million dollarlik investitsiya raundini yopdik. Asosiy investor sifatida Yevropadagi Purple Ventures fondi 500 ming dollarlik chek bilan qatnashdi. Shuningdek, Pragmatech Ventures, IT Park Ventures, Big Sky Capital, SABAH.fund va boshqa jami 8 ta investor ham bitimga qo‘shildi.

Шахзод Умирзаков CEO TASS Vision

— Markaziy Osiyodan chiqqan startap uchun Yevropa investitsiyalarini jalb qilish qanchalik qiyin bo‘ldi?

Garchi bizda barcha ko‘rsatkichlar: 86 foizlik marjinallik, yiliga 1 million dollarlik ARR va tushunarli biznes modeli yaxshi bo‘lsa-da, oson bo‘lmadi. Shaxsan o‘zim 250 dan ortiq venchur fondlariga yozdim, lekin deyarli hammasi rad javobini berdi: “Qiziqarli, lekin Yevropa yoki AQShda “traction” kerak.” Markaziy Osiyoda “pre-seed” raundini olish oson, “seed” bosqichi biroz murakkabroq, ammo Series A bosqichiga chiqish deyarli imkonsiz – to‘liq “due diligence” o‘tkazishga tayyor yirik fondlar juda kam.

Haqiqiy burilish nuqtasi 2024-yil dekabrida Yevropadagi Purple Ventures venchur fondi bilan uchrashuv bo‘ldi. Yarim yil davom etgan muzokaralardan so‘ng, ular raundni boshqarishga rozi bo‘lishdi. Shundan keyin boshqa investorlar ham bitimga qo‘shildi. Purple Ventures O‘zbekistondan chiqqan startap foydasiga istisno qilgan birinchi mustaqil yevropalik investor bo‘ldi – ular Markaziy Osiyodan ham global texnologik kompaniyalar yetishib chiqishiga ishonishdi.

Olingan mablag‘lar uskunalar xaridiga, R&D jamoasini rivojlantirishga va yangi bozorlar sari chiqishga yo‘naltirildi.

— Qachon xorijiy bozorlarga chiqa boshladingiz va turli mamlakatlarda ishni qanday yo‘lga qo‘ydingiz?

— O‘zbekistondan keyingi birinchi mamlakat 2023-yilda Qozog‘iston bo‘lgan. Bugungi kunda bizning tizimlarimiz 10 dan ortiq mamlakatda o‘rnatilgan – jumladan Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Mongoliya, Tojikiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni, BAA va Peruda.

Шахзод Умирзаков CEO TASS Vision

Riteyl har yerda o‘xshash muammolarga duch keladi – do‘konga kim kirayotganini, xodimlar qanday ishlashini va konversiyaga nima ta’sir qilayotganini tushunish kerak. Farq faqat til va vaqt mintaqasida: Peruda ispan tilida, Turkiyada turk tilida, Markaziy Osiyoda esa rus tilida muloqot qilamiz.

Biz ikki xil model bo‘yicha ishlaymiz. Qozog‘iston kabi mamlakatlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etamiz – kompaniya ochamiz, jamoa yollaymiz, savdo va qo‘llab-quvvatlashni o‘zimiz yuritamiz. Boshqa mamlakatlarda esa distribyutorlar tarmog‘ini quramiz – ularga mahsulot va treningni topshiramiz. Ular 20-40% marja oladi va bizga tezroq miqyosni kengaytirishda yordam beradi. Shu yo‘l bilan Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Mongoliya va Tojikistonga chiqdik, yil oxirigacha esa Gruziya va Armanistonni qo‘shishni rejalashtiryapmiz.

Ba’zan hamkorlar o‘zlari bizni topishadi. Masalan, Peruda elektronika do‘konlari tarmog‘i biz bilan bog‘landi: ularning aytishlaricha, ChatGPT bizni tavsiya qilgan ekan. Biz ularga kameralarni yubordik, 50 ta joyda pilot loyiha o‘tkazdik – endi esa ular tizimni 1100 savdo nuqtasiga kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rishyapti.

— Yaqqin kelajakdagi rejalaringiz qanday?

— Yil oxirigacha yuzni aniqlash, tashrif buyuruvchilarning do‘konda bo‘lish vaqtini kuzatish imkonini beruvchi Pro-paketni yakunlab, Armaniston va Gruziyada yangi hamkorlarni ulashni rejalashtiryapmiz.

Keyingi 3-5 yil ichida dunyo bo‘ylab 15 ming savdo nuqtasini tizimga ulash, yillik daromadni kamida 150% ga oshirish va kompaniya qiymatini 100 million dollardan yuqoriga yetkazishni maqsad qilganmiz. Shundan so‘ng M&A bitimi – ya’ni strategik hamkor bilan qo‘shilish yoki kompaniyani yirik amerikalik o‘yinchiga sotish rejamizda bor. Bu men uchun mantiqan to‘g‘ri bosqich, chunki TASS Vision – mening birinchi startapim. Undan keyin esa yanada keng ko‘lamli kompaniyalar yaratmoqchiman.

— Sizni qaysi sohalar qiziqtiradi?

— Agrotexnologiyalar, suv ta’minoti muammolarini hal etish, barqaror rivojlanish. Bu – keyingi 50-100 yil davomida inson hayotini belgilab beradigan sohalar. Men odamlar uchun uzoq yillar foydali bo‘ladigan, millionlab insonlar foydalanadigan mahsulotlar yaratishni istayman.